O’zLiDeP vakillari Furqat tumanidagi tadbirkorlik sub’ektlari, aholining muammo va takliflarini o‘rgandi

26.05.2022, 16:08

O’zLiDeP vakillari Furqat tumanidagi tadbirkorlik sub’ektlari, aholining muammo va takliflarini o‘rgandi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O’zLiDeP fraksiyasi a’zolari, partiyaning Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi vakillari hududlarda bo‘lib, davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan vazifalar, xususan, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarining joylardagi ijrosi holatini o‘rganishmoqda.

Qonunchilik palatasi deputatlari va O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi mas’ul xodimlaridan tarkib topgan ishchi guruh Farg‘ona viloyatida bo‘lib, partiya elektorati bo‘lgan tadbirkorlar, ishbilarmonlar, hunarmandlar faoliyati bilan yaqindan tanishmoqda, ularning taklif va muammolarini o‘rganishyapti. Bundan maqsad, Prezidentimizning 12-13 may kunlari ushbu viloyatiga qilgan tashrifi davomida belgilab bergan ko‘rsatma va topshiriqlaridan kelib chiqib, ularning ijrosini partiya deputatlik guruhlari orqali joylarga chiqqan holda o‘rganish, aniqlangan muammolarni mutasaddi rahbarlar orqali o‘z yechimini topishga qaratilgan.

Partiya vakillari viloyatda o‘rganishlar davomida davlatimiz rahbari tashrif buyurgan Furqat tumanidagi “Usta Yusufjon naqqosh” oilaviy korxonasida bo‘ldilar. Ta’kidlash joizki, korxona rahbari Muhammadali Yunusov milliy yog‘och o‘ymakorligi maktabining munosib davomchisi. Uning ishlari yurtimizdagi ko‘plab maqbara va yangi majmualarga ko‘rk bag‘ishlagan. “Qo‘ligul” hunarmand O’zbekiston xalq ustasi unvoniga sazovor bo‘lgan.

Muhammadali Yunusov ijodida “pargori”, “sharafa”, “muqarnas” va “islimiy” uslublar ustuvor. Naqshinkor ustunlar, kursi, lavh, quticha va boshqa oilaviy buyumlar hamisha xaridorgir. Ustaning shogirdlari ko‘p. Shu bois korxonaga keng sharoit yaratish maqsadida yangi bino qurilmoqda. Deputatlar bu yerda tashkil etilgan “Ustoz-shogird” an’anasini boshqa hududlarda ham keng yoyish kerakligini ta’kidladilar.

Hunarmand faoliyati bilan tanishilar ekan, ularning muammolari va takliflarini ham tinglashdi, kelgusida faoliyatini yanada kengaytirishda partiya ko‘makchi bo‘lishligi, tadbirkorlar va ishbilarmonlar manfaatlarini doimo qo‘llab-quvvatlashini bildirib o‘tishdi. Partiyaning dasturiy maqsad va vazifalari ushbu oilaviy korxonasining ishchi-xodimlariga tushuntirib berildi. Targ‘ibot natijasida mazkur oilaviy korxona qoshida boshlang‘ich partiya tashkiloti ochildi va  u yerda mehnat qilib kelayotgan 58 nafar hunarmand shogirdlari partiya a’zoligiga qabul qilindi.

Partiya vakillari tumanda amalga oshirilayotgan islohotlarni ko‘zda kechirish asnosida “G’uncha” MFY hududida yangi qurilayotgan ko‘p vaqatli binolarni ko‘zdan kechirishdi. Ushbu mahallada istiqomat qilib kelayotgan xotin-qizlar bilan samimiy muloqot qilinib, ularning murojaatlari tinglandi, muammolar yechimi yuzasidan mutasaddi tashkilotlar orqali hal qilinishiga kelishib olindi.

Shuningdek, ushbu hududda joylashgan “BEKMILK” Turkiya-O’zbekiston qo‘shma korxonasi faoliyati bilan tanishildi. Ushbu korxona sut va sut mahsulotlari ishlab chiqarishga mo‘ljallangan bo‘lib, u yerda 21 nafar ishchi xodimlar mehnat qilib kelyapti. Ish bilan band bo‘lgan fuqarolarning aksariyati “Ayollar daftari” va “Temir daftari” ro‘yxatida turuvchilarni tashkil qiladi. Korxona rahbari bilan suhbatlashish jarayonida kelgusidagi faoliyatini yanada kengaytirib, qo‘shimcha ish o‘rinlari ochish maqsadi borligini bildirib o‘tdi.

Partiya vakillari va deputatlarning joylardagi o‘rganishlari davom etmoqda.  

  • Ko'rildi
    412
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+