Namanganda "Kichik targ‘ibotdan - katta natija" shiori ostida vodiylik yoshlar forumi o‘tkazildi

27.05.2022, 17:19

Namanganda

Avval xabar kilganimizdek, O'zLiDeP  Andijon va Namangan viloyati Kengashlari o‘zaro tajriba almashish, yoshlar o‘rtasida do‘stlik aloqalarini o‘rnatish maqsadida memorandum imzolashgan edi. O’tgan oy namanganlik bir guruh yoshlar vakillari Andijon viloyatida bo‘lib katta taassurotlar bilan qaytishgan edi. Bugun andijonlik yoshlar vakillari Namanganga tashrif buyurishdi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Barnoxon Mirzamova yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularni tadbirkorlikka yo‘naltirish, oliy ta’lim olishlari uchun yaratilgan imkoniyat va imtiyozlar haqida so‘zlab berdi.

Shuningdek, Namanganda yosh tadbirkorlar erishayotgan yutuqlar haqida ham atroflicha ma’lumot berildi. Shundan so‘ng mehmonlar To‘raqo‘rg‘on tumanidagi "Axsikent" ochiq osmon ostidagi muzeyga tashrif buyurishdi. So‘ngra shu tumandagi Ishoqxon Ibrat nomidagi ijod maktabiga borishdi. Bu maskanda iqtidorli yoshlarning bir necha tillarni mukammal o‘rganayotganliklari, bitiruvchilarning oliy o‘kuv yurtlariga kirish, fan olimpiadalari va turli tanlovlarda erishayotgan natijalariga qoyil qolishdi. Shu joyda yana Andijon va Namangan yoshlari ishtirokida "Zakovat" o‘yini ham tashkillandi. G’oliblarga va faol ishtirok etganlarga deputatning esdalik sovg‘alari topshirildi.

Shundan so‘ng dastur asosida andijonlik yoshlar vakillari "Artsoft" xolding kompaniyasi korxonasiga borishdi. Klaster usulida faoliyat yuritayotgan ushbu kompaniya rahbari Olimijon Babaxanov bilan muloqot bo‘lib o‘tdi. U yoshlarga bu yerda amalga oshirilayotgan ishlar, xom ashyodan to tayyor mahsulotgacha bo‘lgan jarayonlar, bu mahsulotlarni xorijiy davlatlarga eksport kilinayotganligi xususida so‘zlab berdi. Sexlarda mehnat qilayotgan yoshlar bilan ham do‘stona suhbatlar bo‘lib o‘tdi. "Ideal" korxonasi faoliyati bilan tanishuv ham tadbirga o‘ziga xos mazmun bag‘ishladi.

"Yangi O’zbekiston" ziyo maskanida kitobxonlar uchun sharoitlar ham tadbir ishtirokchilariga manzur bo‘ldi.

Mehmonlar tashrifni "Afsonalar vodiysi" hamda Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi madaniyat va istiroxat bog‘ida davom ettirdilar. Bu maskanlarda 61-xalqaro gullar festivali ko‘rgazmalari ularga olam-olam ma’naviy zavq bag‘ishladi. "Kichik targ‘ibotdan - katta natija" shiori ostida o‘tkazilgan yoshlar forumi shu bilan o‘z  yakuniga yetdi. Andijonlik yoshlar Namanganda  yangi do‘stlar orttirdilar, tengdoshlarining tajribalarini o‘rgangan xolda bir olam taassurotlar bilan qaytishdi.

Nigora Abdumutalova

O’zDJTU talabasi

  • Ko'rildi
    389
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+