Narpaylik ishbilarmon xotin-qizlar aniqlandi

01.06.2022, 10:38

Narpaylik ishbilarmon xotin-qizlar aniqlandi

O’zLiDeP Narpay tumani Kengashining «Ayollar qanoti» tomonidan “Ishbilarmon ayol” ko‘rik-tanlovining tuman bosqichi o‘tkazildi.

Ushbu tadbirda tumandagi ishlab chiqarish, milliy hunarmandchilik, tikuvchilik va boshqa sohalarda faoliyat ko‘rsatib kelayotgan ilg‘or tadbirkor ayollar ishtirok etishib, o‘zlari ishlab chiqarayotgan mahsulotlari namunalarini namoyish etdilar.

Jumladan, tanlovda ishtirok etgan tumandagi “Totkent” mahalla fuqarolar yig‘inining Arabboy qishlog‘ida yashovchi tadbirkor ayol Obilova Aziza o‘z faoliyatini 2005 yildan buyon boshlagan bo‘lib, asosiy yo‘nalishi tikuvchilikdan iborat. U milliy va zamonaviy liboslar, pardalar tikish bilan bir qatorda Toshkent shahridagi korxona bilan tuzilgan shartnomaga asosan chetga eksport qilinadigan bolalar kiyim-kechaklari ham ishlab chiqarmoqda. Hozirda A.Obilova jami 12 xotin-qizni ish bilan band qilgan. Hozirgacha u 100 dan ortiq shogirdlar yetishtirib chiqargan. Tadbirkor ayol bugungi kunda qo‘shimcha bino qurib o‘z faoliyati doirasini yanada kengaytirishni maqsad qilib qo‘ygan. Natijada, sexda 50 nafar xotin-qizni ish bilan ta’minlash imkoniyati tug‘iladi.

Xuddi shunday, “Zirabuloq” mahallasi yashovchi Egamova Gulchehra ham o‘z xonadonida tikuvchilik tashkil etgan bo‘lib, unda 5 xotin-qiz doimiy ish bilan band. G.Egamova buyurtmalar asosida aholi uchun milliy va zamonaviy liboslar, pardalar tikish bilan bir qatorda turli to‘quvchilik va bezak mahsulotlarini ham tayyorlab chiqarmoqda.

Tanlov natijasiga ko‘ra Obilova Aziza 1-o‘ringa loyiq deb topilgan bo‘lsa, 2- va 3-o‘rinlarni ishbilarmon ayollar Egamova Gulchehra hamda Kamolova Shahnozalar egalladilar.

Tanlovda turli g‘oliblikni qo‘lga kiritgan xotin-qizlarga tuman Kengashining tashakkurnomalari va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Marxabo Chuliyeva,

O’zLiDeP Samarqand viloyat Kengashi

bo‘lim mudiri

  • Ko'rildi
    564
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+