Konstitutsiyani takomillashtirish jarayonida buxorolik talaba-yoshlar va universitet o‘qituvchilari asosli takliflar bildirdi

02.06.2022, 18:07

Konstitutsiyani takomillashtirish jarayonida buxorolik talaba-yoshlar va universitet o‘qituvchilari asosli takliflar bildirdi

Buxoro Davlat universitetining pedagogika institutida O’zLiDeP Buxoro viloyat Kengashi mas’ul xodimlari, mahalliy Kengash deputatlari, institutning bir guruh professor-o‘qituvchilari va talaba-yoshlari hamda OAV vakillari  ishtirokida O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini takomillashtirishga bag‘ishlangan davra suhbati  o‘tkazildi.  

Tadbirni  partiya viloyat Kengashi raisi, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati Farmon Aminov kirish so‘zi bilan  ochdi.

Davra suhbatida ishtirok etib so‘zga chiqqan O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi, Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi rahbari Aktam Xaitov ishtirokchilar diqqat-e’tiborini joriy yilning 20 may kuni Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi Kengashlarining qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tganligi, unda O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartirish va ko‘shimchalar kiritish bo‘yicha takliflarni shakllantirish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan milliy Konstitutsiyaviy komissiya tashkil etilganligiga qaratdi.

Ta’kidlanganidek, bu borada Konstitutsiyaviy islohotlar jarayonini aholining keng  qatlamiga  tushuntirish,  Bosh  Qomusimizga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarda har bir O’zbekiston Respublikasi fuqarosi, shu jumladan, BuxDU pedagogika  institutining  tajribali va bilimli professor- o‘qituvchilari hamda talaba-yoshlarining ham fikr va takliflari muhim ahamiyatga ega.

 Institut direktori Mirzohid Daminov tomonidan talaba-yoshlarga konstitutsiyaviy islohotlarning  ahamiyati, Konstitutsiyaviy  komissiyaning asosiy vazifalari tushuntirib berildi.  

Tadbirda ishtirok etgan viloyat markazidagi “Ideal lift” MChJ rahbari, xalq deputatlari Buxoro shahar Kengashi deputati Komiljon Qudratov mavzu yuzasidan  so‘z yuritar ekan, xususiy mulk daxlsizligini Asosiy Qonunimizda qat’iy belgilash, xususiy mulk daxlsizligi kafolatini kuchaytirish borasidagi  o‘z takliflarini bayon etdi .

Shuningdek, institut direktori M.Daminov tomonidan intellektual mulk egalariga yaratgan  ixtirosi uchun to‘lanadigan mablag‘ning bir qismini ixtiro muallifining  o‘ziga to‘lanishi  bo‘yicha o‘rinli bir taklif bildirilgan bo‘lsa, mazkur institutning maktabgacha ta’lim yo‘nalishi talabasi Lobar Olimova  yurtimizda “O’zbekiston tadbirkorlari” jurnalini tashkil etish maqsadga muvofiq bo‘lishini aytib o‘tdi. Ushbu nashrda mamlakatimizdagi tajribali tadbirkorlar ish faoliyatining yoritib borilishi tadbirkorlikni boshlash istagida bo‘lgan yoshlar uchun ayni muddao bo‘lardi. Sohaning navqiron  xodimlari shu tariqa o‘z bilim va mahoratlarini oshirib borgan bo‘lardilar. Institut maktabgacha ta’lim yo‘nalishining yana bir talabasi Ziyoda Hamdamova tomonidan bildirilgan taklifda esa endilikda tadbirkorlikning asosiy tarmog‘i hisoblangan xizmat ko‘rsatish turlarini  ilmiy jihatdan tadqiq etishga ixtisoslashgan oliy ta’lim muassasasini tashkil etish zarurati tug‘ilib qolganligi ma’lum qilindi. Institut tarix fakulteti talabasi Maxsuma Samadova tomonidan bildirilgan taklifni ham davra suhbati qatnashchilari iliq kutib oldilar. Ushbu  taklifda jumladan, oliy o‘quv yurtlarida  Yangi O’zbekiston tadbirkorlari hayoti va ish faoliyatini targ‘ib qiluvchi, yoshlarning tadbirkorlikka qiziqishlarini kuchaytirishga xizmat qiladigan dars soatlarini o‘quv dasturlariga kiritish davr talabiga aylanib qolganligi o‘z ifodasini topgan.

Pirovardida Aktam Xaitov yoshlar va ularning ustozlari tomonidan bildirilgan takliflarning aksariyati o‘rinli va to‘la asosli ekanligini ta’kidlab, tadbir tashkilotchilari va faol ishtirokchilarga o‘z minnatdorchiligini bildirdi. Konstitutsiyamiz loyihasini har tomonlama puxta  ishlab chiqish hamda uni umumxalq muhokamasiga qo‘yishda partiya elektorati, yosh avlod va turli soha vakillari tomonidan joylarda o‘tkazilayotgan tegishli tadbirlar davomida bildirilayotgan takliflar albatta inobatga olinishini ma’lum qildi.

Davra suhbati ishtirokchilarini qiziqtirgan savollarga tashkilotchilar tomonidan batafsil javoblar berildi. 

O’zLiDeP Buxoro viloyat Kengashi

matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    332
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+