Buxoro shahrida o‘tkazilgan “Ishbilarmon ayol - 2022” ko‘rik-tanlovining g‘oliblari aniqlandi

03.06.2022, 11:38

Buxoro shahrida o‘tkazilgan “Ishbilarmon ayol - 2022” ko‘rik-tanlovining g‘oliblari aniqlandi

Har yili bo‘lganidek, “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili” deb e’lon qilingan joriy yilda ham O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasining tegishli qaroriga muvofiq joylarda “Ishbilarmon ayol” ko‘rik-tanlovining shahar va tuman bosqichlari o‘tkazilmoqda.

Buxoro shahridagi “Malika Sulton” zardo‘zlik va hunarmandchilik markazida bo‘lib o‘tgan ko‘rik-tanlovda ayollar o‘rtasida tadbirkorlik va fermerlikni rivojlantirish, xotin-qizlar uchun qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish, ularning jamiyatdagi faolligini yanada oshirish yuzasidan ishlab chiqilgan loyihalarning taqdimotlari asosida ushbu tadbir ishtirokchilarining mahorati navbatdagi sinovdan o‘tkazildi.

Tadbirning ochilish marosimida O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi, partiya fraksiyasi rahbari Aktam Xaitov so‘zga chiqib, mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga turli yoshdagi ayollar ham salmoqli hissa qo‘shib kelayotganliklarini, partiyaviy loyihalar ijrosida ularning ham o‘z o‘rni borligini ta’kidladi, ko‘rik-tanlov ishtirokchilariga muvaffaqiyatlar tiladi.

Ko‘rik-tanlov yakunida g‘olib va sovrindorlar hakamlar hay’ati qaroriga binoan bir qator nominatsiyalar bo‘yicha munosib tarzda taqdirlandilar hamda ularga tashkilotchilarning esdalik sovg‘alari topshirildi.

Jumladan, “Qishloqni ijtimoiy rivojlantirishda faollik ko‘rsatgan fermer ayol” nominatsiyasi bo‘yicha Buxoro shahridagi “Banoaz tekstil” MChJ rahbari, ko‘p tarmoqli tadbirkor, «Mehnat shuhrati» ordeni soxibasi Mahtob Adilova, “Yilning muruvvatli ishbilarmon ayoli” nominatsiyasi bo‘yicha viloyat markazidagi “Malika Sulton” oilaviy korxona rahbari Yulduz Raximova, “Eng yosh, faol ayol tadbirkor” nominatsiyasi bo‘yicha Buxoro shahridagi “Saodatxon tikuv uyi - 2021” MChJ rahbari, korxona huzuridagi BPT raisi Saodatxon Sadilloyeva, “Zamonaviy tashabbuskor ayol” nominatsiyasida shahardagi “Aholiga sayyor servis va konsalting xizmatlar ko’rsatish” MChJ raisi Shaxnoza Djurayevalar g‘oliblikni qo‘lga kiritdilar.

Ta’kidlash joizki, ularning barchasi O’zLiDeP Buxoro shahar Kengashi “Ayollar qanoti” faollaridir.

G’oliblar ushbu ko‘rik-tanlovning  viloyat bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdilar.

-Bunday ko‘rik-tanlovlar bizni yangi mehnat yutuqlarini qo‘lga kiritishga, hamkasblarimiz bilan o‘zaro tajriba almashishga, zamonaviy fan muvaffaqiyatlarini ishlab chiqarishga joriy etishga da’vat etadi, - deydi ko‘rik-tanlov g‘oliblaridan biri Mahtob Adilova. - El-yurtimiz dasturxonini yanada to‘kin qilish korxonamiz mehnat jamoasining asosiy maqsadiga aylangan. Issiqxonamizda yetishtirilayotgan pomidor mahsuloti hajmini yil sayin ko‘paytirib, keng tarmoqli tadbirkor ayollar sifatida yanada samarali ish olib borishga qaror qilganmiz.

Tadbir doirasida partiya mas’ullari, ko‘rik-tanlov ishtirokchilari O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Xaitov hamrohligida buxorolik taniqli zardo‘z, partiya faoli Maxfuza Salimova tomonidan tashkil etilgan “Malika Sulton” zardo‘zlik va hunarmandchilik markazi ish faoliyati bilan ham yaqindan tanishdilar.

  • Ko'rildi
    742
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+