O’zLiDeP ishchi guruhi Yashnobodda: nasos chiqaradigan suvni daraxtlar tagidan oqizishning iloji bormi?

03.06.2022, 16:54

O’zLiDeP ishchi guruhi Yashnobodda:  nasos chiqaradigan suvni daraxtlar tagidan oqizishning iloji bormi?

Ko‘chat o‘tqazish – xayrli ishning boshlanishi. Shu ma’nodaki, katta daraxt bo‘lguniga qadar (balki, keyin ham) uni muntazam sug‘orish, asrab-avaylash  kerak. Poytaxtimizning  Yashnobod tumanidagi “Mohinur” mahallasi hududida ham bahorda “Yashil makon” loyihasi doirasida ko‘plab nihollar, butalar ekildi. Lekin ularni sug‘orish qiyin bo‘lyapti. Vaholanki, necha-necha gektar maydonlarga yetadigan suv mahallada behuda oqib ketyapti.

Gap shundaki, yer sathidan pastda joylashgan turar va noturar joylarni suv bosmasligi uchun mahallada sizot suvlarini doimiy ravishda yuzaga chiqaradigan yer osti nasosi o‘rnatilgan. Bir oyda 2-3 marta, lekin sutkalab ishlatiluvchi bu nasos  har daqiqada besh kubometrga yaqin suvni yuzaga chiqaradi. Afsus, bu suv o‘simliklarga hech qanday naf bermay,  beton ariqlardan kanalga oqib  ketadi. Suvni daraxtzor, gulzorlarga tomon oqizishning iloji yo‘qmi? Bor. Faqat buning uchun hududda irrigatsiya-sug‘orish tizimini qayta qurish zarur.  

Yangi O’zbekistonning 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasini joriy yilda amalga oshirishga oid davlat dasturining oltinchi ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha O’zLiDeP deputatlari, faollaridan iborat ishchi guruh tegishli tashkilotlar vakillari ishtirokida  mahallada muloqot o‘tkazib, mazkur masalani muhokama etdi.  Mahalla faollari, mas’ul idoralar vakillari bu borada talay takliflarni o‘rtaga tashladilar. Ular ichidan eng asoslilari tanlab olinib, mahalliy boshqaruv organlariga yo‘llandi.

– Bu tashabbus yer osti nasoslari bor boshqa mahallalar uchun ham ibratlidir, – deydi Yashnobod tuman kengashidagi partiyamiz deputati   V.Adilov.  

Muloqotning ikkinchi qismi g‘oyat dolzarb masala – Konstitutsiyani takomillashtirishga qaratilgan takliflarni tinglash, ko‘rib chiqishga  bag‘ishlandi. Fuqarolar kommunal xizmatlar bo‘yicha shartnomalarda iste’molchilar huquqlarini kengaytirish, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashni yanada kuchaytirish,   og‘ir dardga chalinganlar uchun dorilarni bepul qilish, jonivorlarni qiynaganlik, besabab o‘ldirganlik uchun jazoni og‘irlashtirish va boshqa bir qancha takliflarni ilgari surdilar.  Ular O’zbekiston Konstitutsiyasini takomillashtirish bo‘yicha takliflarni umumlashtirish  va Milliy komissiyaga taqdim etish bo‘yicha O‘zLiDeP  Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi  ishchi guruhiga taqdim qilindi.

Viktor Adilov,

Behzod Isroilov,

Taraqqiyot strategiyasini joriy yilda amalga

oshirishga oid davlat dasturining 6-ustuvor

yo‘nalishi bo‘yicha partiya ishchi guruhi a’zolari

  • Ko'rildi
    383
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+