O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi

04.06.2022, 12:31

O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda partiyaning barcha hududiy kengashlardagi vakillari, partiya faollari, mahalliy kengashlar deputatlari onlayn ishtirok etishdi.

Majlisda asosiy e’tibor O’zLiDeP tuzilmalarining Konstitutsiyani takomillashtirish jarayonida faol ishtirokini samarali tashkil qilish masalalariga qaratildi.

Ta’kidlash joizki, Konstitutsiyaviy islohotlarni keng targ‘ib qilish maqsadida har bir hududda kamida 5 nafar a’zodan iborat targ‘ibot guruhlari shakllantirildi. Davlatimiz rahbari tomonidan konstitutsiyaviy islohotlar bo‘yicha belgilab berilgan 9 ta yo‘nalish bo‘yicha partiya Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi qoshida Ishchi guruhlar tashkil etildi. Xususan, Bosh qomusimizga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish zarurati va bu islohotning mazmun-mohiyati bo‘yicha nafaqat partiyaning bir milliondan ortiq a’zosi, balki aholi keng qatlamlari orasida, jumladan, mahallalarda, tadbirkorlik sub’ektlari, 14 mingga yaqin O’zLiDeP boshlang‘ich partiya tashkilotlarida ochiq muloqot, davra suhbatlari shaklida tushuntirish ishlari olib borilyapti.

Partiya Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasidagi ishchi guruh tomonidan Asosiy qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan ilgari surilgan takliflar umumlashtirilib borilmoqda hamda Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha milliy komissiyaga taqdim etilmoqda.

Konstitutsiyaviy islohotlar boshlangan davrdan to shu kunga qadar Respublika va hududiy targ‘ibot guruhlari tomonidan partiya quyi bo‘g‘inlari, mehnat jamoalari, oliy ta’lim muassasalari, mahallalarda 410 ta tadbir o‘tkazilgan bo‘lib, ularda jami 21 mingga yaqin ishtirokchilar qamrab olindi. Tadbir ishtirokchilari tomonidan 270 dan ziyod takliflar bildirildi. Shulardan aksariyati, aniqrog‘i, 142 ta taklif O’zLiDeP tomonidan pochta orqali Respublika komissiyasiga kiritilgan bo‘lsa, qolganlari partiya faollari tomonidan elektron pochta, “Mening Konstitutsiyam” portali va Telegramm-botlar vositasida Komissiyaga yetkazildi.

Majlisda ushbu targ‘ibot ishlarini tizimli davom ettirish hamda bildirilgan takliflar Milliy komissiyaga muntazam taqdim etib borish yuzasidan vazifalar belgilab olindi.

Shuningdek yig‘ilishda partiya Qashqadaryo viloyat Kengashining
Ko‘kdala tuman bo‘limini tashkil etish to‘g‘risidagi masala partiya faollari ishtirokida muhokama qilindi.

Partiya Qashqadaryo viloyat Kengashining 2022 yil 29 apreldagi O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasiga Ko‘kdala tuman kengashini tashkil qilish masalasida qilgan murojaati asos sifatida qabul qilindi.

Yig‘ilishda Ijroqum a’zolari tomonidan ushbu taklif inobatga olingan holda O’zLiDeP Qashqadaryo viloyat Kengashi tarkibida Ko‘kdala tuman bo‘limi tuzilishi bo‘yicha qaror qabul qilindi.

Majlisda yangi tuzilayotgan tuman bo‘limini tashkil etish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar va zarur tashkiliy ishlarni amalga oshirish, ushbu tuman partiya Kengashi faoliyat yuritishi uchun qulay bino va moddiy-texnika jihozlari bilan ta’minlash, partiya bo‘limning rahbar va o‘rinbosarlari, mas’ul xodimlari lavozimlariga nomzodlar taqdim etish, 2022 yilning 5 iyuliga qadar mazkur partiya bo‘limining faoliyatini to‘liq yo‘lga qo‘yish vazifalari belgilab olindi.

Majlisda boshqa bir qator muhim masalalar ham muhokama qilinib, tegishli qarorlar qabul qilindi.

O’zLiDeP matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    586
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+