O’zbekiston va Tojikiston rahbarlari uchrashuvi ikki xalq azaliy do‘stligini yangi bosqichga ko‘tardi

04.06.2022, 12:42

O’zbekiston va Tojikiston rahbarlari uchrashuvi ikki xalq azaliy do‘stligini yangi bosqichga ko‘tardi

Do‘stlik qudratli kuchga ega. Ayniqsa, qo‘shni davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro bordi-keldi, to‘yu tantanlarda bir-birini yo‘qlash, bayramlarni birga nishonlash ular o‘rtasidagi rishtalarni yanada mustahkamlaydi. Shu ma’noda o‘zbek va tojik xalqlari doim bir-biri bilan hamnafas bo‘lgan, qiyinchiliklarni birga yenggan, bir-birining muvaffaqiyatidan quvongan, kulfatlaridan aziyat chekkan, yordam qo‘lini cho‘zgan.

Ana shunday mustahkam rishtalarga ega ikki davlat rahbarlarining oliy darajadagi uchrashuvi, imzolangan qator hujjatlar va bitimlar bu aloqalarni yanada yuksak pog‘onaga ko‘tarishiga shak-shubha yo‘q. Binobarin, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan shu yil 2 iyun kuni Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonning yurtimizga rasmiy tashrif bilan kelishi ikkala davlat xalqlarini juda mamnun qildi.

Bu bejizga emas. Chunki do‘st va birodar xalqlarning tobora bir-biriga yaqinlashishi bu nafaqat ma’naviy kuch-qudrat ato etadi, balki ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni yelkama-elka turib hal etishda muhim ahamiyatga ega. Shu jihatdan olganda muzokaralarda asosiy e’tibor ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlash, siyosiy, parlamentlararo, savdo-iqtisodiy, transport-logistika, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar hamkorlikning kun tartibini tubdan kengaytirish masalalariga qaratildi.

Shuni mamniniyat ila e’tirof etishni istar edimki, Shavkat Mirziyoyev va Emomali Rahmon ko‘p qirrali O’zbekiston – Tojikiston strategik sherikligini yanada rivojlantirish yo‘lidan qat’iy borishmoqda. Buni ular uchrashuvda ham alohida ta’kidlashdi. Davlat rahbarlari savdoni faol kengaytirish va sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish, ikki mamlakatning logistika va tranzit imkoniyatlarini rivojlantirish hamda suv energetikasi loyihalarini amalga oshirish orqali munosabatlarni yangi amaliy mazmun bilan boyitish bo‘yicha hujjatlarga imzo qo‘yishdi.

O’zbekiston rahbari ko‘p qirrali hamkorlikning barcha yo‘nalishlarida ulkan muvaffaqiyatlarga erishilganini katta mamnuniyat bilan qayd etib, Tojikiston bizning yaqin qo‘shnimiz, sodiq do‘stimiz, davr sinovidan o‘tgan ishonchli strategik sherigimiz, deb alohida e’tirof etdi.

Albatta, do‘stlik bor joyda muvaffaqiyat bo‘ladi. Kuchlar birlashadi, fikrlar, yangi g‘oyalar, do‘stona loyihalar ko‘rib chiqiladi.

Aytmoqchimanki, Tojikiston bizning eng yaqin iqtisodiy hamkorimiz,  bamaslahat ish olib borishda yaqin do‘st va maslakdoshimizdir. Bu fikrlar ikki davlat rahbarlarining oliy darajadagi uchrashuvida alohida tilga olindi. Men ishonamanki, bu uchrashuv tarixiy ahamiyat kasb etadi va mamlakatlarimiz ravnaqiga xizmat qiladi.

 Dilbar USMONOVA,

Oliy Majlis qonunchilik palatasining

xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi a’zosi.

  • Ko'rildi
    237
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+