Oziq-ovqat mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash chora-tadbirlari belgilab berildi

06.06.2022, 17:57

Oziq-ovqat mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash chora-tadbirlari belgilab berildi

Prezident raisligida aholini oziq-ovqat, jumladan, chorvachilik va parrandachilik mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan  videoselektor yig‘ilishida viloyatimizda ushbu masalada bir qator ishlar amalga oshirilayotganligi, biroq galdagi vazifalar ijrosida ham mas’uliyat bilan yondashish zarurligi alohida ta’kidlandi.

Agrosanoat kompleksining chorvachilik sohasida birgina parrandachilik tarmog‘ini kengaytirish borasida olib borilayotgan chora-tadbirlarga muvofiq, bugun viloyatda bu turdagi ixtisoslashtirilgan fermer xo‘jalik soni 90 taga yaqinlashdi. O’tgan yilda “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida viloyatda naslli qoramol, qo‘y–echki bilan birga 30 ming bosh naslli parranda olib kelinib, fermer xo‘jaliklari hamda aholi xonadonlariga tarqatilgani, ularda parhezbop go‘sht va tuxum yetishtirish mahsuldorligi oshib borayotgani aholi talab va ehtiyojini qondirishda qo‘l kelmoqda. 

Barcha tumanlarda parrandachilikni rivojlantirish, joylarda mahalla raislari yaqin ko‘magida 50 mingdan ortiq oilaga imkoniyatiga qarab, 100 boshdan kam bo‘lmagan jo‘ja tarqatib, parhezbop go‘sht va tuxum yetishtirish, xuddi shunday, o‘rtacha hisobda 500 bosh tovuq parvarishidan bir mavsumda, ya’ni 45 kunda 5 million so‘mdan oshirib foyda olish tajribasi keng o‘zlashtirilayotgani oilalar moddiy manfaatdorligini oshirmoqda.

Bu borada viloyat miqyosida boshlangan sa’y-harakatga to‘xtalsak, ayni kunda birgina parrandachilik yo‘nalishida mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi “SAMIR TEKS” Qorovulbozor, Peshko‘ va qisman Romitan hamda Shofirkon tumanlarida, “PARRAVSHANTRANS” G’ijduvon va qisman Kogon va Shofirkon tumanlarida, “Buxoro naslli parranda” Buxoro, “Sifatli jo‘ja” korxonasi esa Vobkent tumanida umumiy hisobda 430 ming bosh tuxumchilik yo‘nalishidagi parrandani aholi xonadonlariga yetkazib berish majburiyatini o‘z zimmasiga olgan.                   

Bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida Prezident parrandachilik xo‘jaliklarini yem bilan ta’minlash masalasini to‘liq hal qilish vazifasini qo‘ydi. Buning uchun parrandachilik xo‘jaliklariga bug‘doy sotib olish uchun 400 milliard so‘m revolver kredit ajratilishi,  parrandachilik korxonalarining aylanma mablag‘larini ko‘paytirish uchun olinadigan tijorat kreditlarga Tadbirkorlik jamg‘armasidan garov ta’minotining 50 foiziga kafillik berish va 17 foizdan oshgan qismini kompensatsiya qilish tizimi joriy qilinishi, ayniqsa pandemiya davrida parrandachilik korxonalarining jami 834 milliard so‘m, shundan 2022 yilda 400 milliard so‘m olgan kreditlari muddati uzaytirilishi soha mutaxassislari uchun ayni muddao bo‘ldi.

Videoselektor yig‘ilishida Andijon, Buxoro, Farg‘ona va Xorazm viloyatlarida paxtachilik-to‘qimachilik klasterlari tomonidan amaliy ishlar boshlanib, 18 ming boshli 35 ta chorvachilik xo‘jaliklari ishga tushirilganining alohida ta’kidlanganligi bu boradagi ishlarni yanada kuchaytirish borasidagi vazifalarni oldimizga qo‘ymoqda. 

Videoselektor yig‘ilishidan o‘zimiz uchun bir qator dolzarb vazifalarni belgilab oldik. Ularning o‘z vaqtidagi va talab darajasidagi ijrosi esa sohaga ko‘rsatilayotgan doimiy  e’tibordan dalolat beradi.  

Sanam Jumayeva,

Buxoro viloyati Peshko‘ tumanidagi

 “Malishoyak” fermer xo‘jaligi rahbari,

xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    714
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+