Sho'rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi jamoasi Konstitutsiyani takomillashtirish yuzasidan takliflar bildirdi

09.06.2022, 10:44

Sho'rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi jamoasi Konstitutsiyani takomillashtirish yuzasidan takliflar bildirdi

Joriy yil 20 may kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi Kengashlarining qo‘shma majlisida Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha takliflarni shakllantirish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha Konstitutsiyaviy komissiya tashkil etilganidan xabardorsiz. Komissiya a’zolari Bosh Qomusimizni isloh qilish bo‘yicha  bildirilayotgan takliflarni o‘rganish maqsadida joylarda uchrashuvlar o‘tkazmoqda.

Ana shunday uchrashuvlardan biri Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari, O’zLiDeP fraksiyasi rahbari Aktam Xaitov ishtirokida Sho'rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida o‘tkazildi. Majmuaning ishchi xodimlari, mahalla faollari, deputatlar va  partiya faollari qatnashgan mazkur uchrashuv qizg‘in fikr almashuvlar tarzida o‘tib, unda Konstitutsiyamizni takomillashtirish yuzasidan bir qator takliflar ham bildirildi.

Uchrashuvda O’zLiDeP fraksiyasi a’zolari tomonidan O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini takomillashtirish bo‘yicha ilgari surilgan tashabbuslar partiyalarning maqsad va vazifalari hamda saylovoldi dasturlari bilan hamohang ekani alohida ta’kidlandi.

O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini takomillashtirish bo‘yicha ilgari surayotgan taklifini to‘laqonli amalga oshirishda deputatlar, yoshlar, keng jamoatchilik va xalqimiz birlashgan holda ushbu islohotlarni ro‘yobga chiqarishda asosiy drayver bo‘lishi kerakligi qayd etildi.

Uchrashuvda xalqimiz mamlakatimizda amalga oshirilayotgan hayotiy islohotlar mohiyatini chuqur anglab, Konstitutsiyamizni takomillashtirishga zaruriyat paydo bo‘lganini bildirishdi, - dedi A.Xaitov. - Shu jihatdan olganda uchrashuv jarayonida juda o‘rinli va foydali takliflar o‘rtaga tashlandi. Xususan, Asosiy qonunimizga davlatning yoshlarga nafaqat bilim berishni, balki kasb-hunar o‘rganishini kafolatlashi haqidagi huquqiy normani belgilash taklifi diqqatga sazavordir. Chunki yoshlarimiz umumiy o‘rta ta’lim olish jarayonida ertangi kunini, mustaqil hayotini ta’minlash uchun muayyan kasbga, hunarga ega bo‘lsa ayni muddao bo‘ladi.

Shuningdek, tadbirda Konstitutsiyaviy o‘zgarishlarni “Inson qadri uchun”, “Yangi O’zbekiston – ijtimoiy davlat” tamoyili asosida xalqimizning farovonligi yanada yuksalishiga, mamlakatimiz iqtisodiyoti tarmoqlarini transformatsiya qilish va tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, inson huquqlari va manfaatlarini so‘zsiz ta’minlashga qaratilgan islohotlarni qat’iy davom ettirish uchun mustahkam poydevor bo‘lishi  alohida ta’kidlandi.

  • Ko'rildi
    456
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+