Chiroqchilik ishbilarmon ayol 50 nafar xotin-qizni ish bilan ta’minlamoqchi

09.06.2022, 11:18

Chiroqchilik ishbilarmon ayol 50 nafar xotin-qizni ish bilan ta’minlamoqchi

“Ishbilarmon ayol” ko‘rik-tanlovining Qashqadaryo viloyatida o‘tayotgan bu yilgi viloyat bosqichida fermer ayollar g‘oliblik uchun astoydil kurashadigan ko‘rinadi. Mazkur tanlovning Chiroqchi tuman bosqichida birinchi o‘rinni “O’zbekiston” hududida faoliyat olib borayotgan “Ozod Rasulovich” fermer xo‘jaligi rahbari Shohista Keldiyorova egallaganligi shundan dalolalatdir. Tumanning Toshloq qishlog‘ida yashovchi bu ishbilarmon ayol bundan o‘n yilcha muqaddam ilg‘or pillachi sifatida nom qozongan edi. Davlatga pilla topshirish rejalarini ortig‘i bilan bajarib, tuman hokimligining Faxriy yorlig‘i va qimmatbaho sovg‘alarini qo‘lga kiritgan.  Bundan sakkiz yil muqaddam O’zLiDeP tuman kengashining qo‘llab-quvvatlashi natijasida zahiraga olingan yerda fermer xo‘jaligi tashkil etib, yer bilan tillashish borasida ham katta tajribaga ega ekanligini amalda isbot eta oldi.

- 70 gektar yerga paxta-g‘alla almashlab ekib, yaxshigina daromad qilib kelayapmiz,- deydi Shohista Keldiyorova. – 15 kishini doimiy ish bilan ta’minlaganman. “Ayollar, Yoshlar va Temir daftarlarga kiritilgan 6 nafar xotin-qiz va yoshlarni xo‘jaligimga ishga olganimdan so‘ng, daftarlardan chiqarildi.  Har tong dalamga borib, yashnab turgan go‘za nihollari va bo‘liq boshoqlarini javzo epkinida silkitib ko‘z-ko‘z qilayotgan g‘allazorimga qarab, el yurtga nafim tegayotganimdan faxrlanaman. Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “Inson qadri uchun” tamoyili asosida xalqimiz farovonligini yanada oshirish, tadbirkorlikni jadal rivojlantirish ishiga munosib hissa qo‘shish maqsadida 10 ming bosh tovuq boqishga mo‘ljallangan parrandachilik kompleksimni  yaqin kunlarda ishga tushiraman.  “Qizil chorva” MFY hududidagi Toshloq, Eskianhor, Aerodrom, Qizil chorva kabi o‘nlab qishloqlarda yashayotgan ellikka yaqin xotin-qizlar va yoshlarni ish bilan ta’minlayman. Olingan foyda evaziga paxta terish mashinasi va zamonaviy traktor xarid qildik. Qishloqda maishiy xizmat uylarini qurish va ishga tushirishga homiylik qilayapmiz.

Ikkinchi o‘rin Chiroqchi mahallasida yashovchi Nilufar Mo‘minovaga, uchinchi o‘rin  esa tikuvchilik sexi tashkil etib,  “O’zbekiston” mahallasi aholisiga namunali xizmat ko‘rsatish barobarida 6 nafar dugonalarining bandligini ta’minlab kelayotgan hunarmand ayol Dilshoda Saidovaga nasib etdi. Ko‘rik-tanlovning g‘olib va sovrindorlariga tuman kengashining Diplomlari hamda esdalik sovg‘alari taqdim etildi. Qashqadaryoda “Ishbilarmon ayol” ko‘rik-tanlovining tuman, shahar bosqichlari davom etmoqda.

Sayfulla IKROMOV,

“XXI asr” muxbiri

  • Ko'rildi
    407
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+