“Ishbilarmon ayol-2022”: G’ijduvonlik tadbirkor ayollar mahorati

13.06.2022, 16:38

“Ishbilarmon ayol-2022”: G’ijduvonlik tadbirkor ayollar mahorati

G’ijduvon tumani “G’ijduvon Mashhurasi” xususiy korxonasida   “Ishbilarmon ayol” ko‘rik-tanlovining tuman bosqichi o‘tkazildi. Ko‘rik-tanlovda tadbirkor va fermer ayollar, chevar  tikuvchilar, bir-biridan totli pishiriqlar tayyorlovchi xotin–qizlar, qolaversa, bog‘dorchilik va sabzavotchilikning “hadisini olgan” opa-singillar o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etdilar. 

Tanlovning ochilish marosimida so‘zga chiqqanlar o‘zining  fidokorona mehnati bilan jamiyat rivojiga hissa qo‘shayotgan mamlakatimiz xotin–kizlari orasida g‘ijduvonlik tadbirkor ayollar xam borligini, ularning eng peshqadam va jonkuyarlari o‘z tanlagan kasbining haqiqiy fidoyilari ekanligini ta’kidladilar. Joylarda yangi ish o‘rinlari yaratish orqali ishsiz aholi bandligini ta’minlashda ularning ham munosib hissasi borligi alohida e’tirof etildi.

Ko‘rik-tanlov Nizomiga muvofiq ishtirokchilar tomonidan ishlab chiqarilgan va qo‘lda tayyorlangan maxsulotlar hakamlar hay’ati tomonidan  ko‘zdan kechirib chiqilgach, xolisona qaror chiqarildi hamda yakuniy natijalarga  asosan  g‘olib va sovrindorlar e’lon qilindi . 

Ko‘rik-tanlovning “Eng yosh, faol ayol tadbirkor” nominatsiyasi bo‘yicha g‘oliblik  tuman  “Barkamol avlod” tashkiloti  to‘garak rahbari, mohir tikuvchi  Munis Kamolovaga nasib etdi. “Zamonaviy tashabbuskor ayol” nominatsiyasida esa “G’ijduvon Mashhurasi” xususiy korxonasi o‘quv kurslari rahbari Gulnisa Hojiboqiyeva g‘oliblikka  erishdi. “Qishloqni ijtimoiy rivojlantirishda faollik ko‘rsatgan fermer ayol” nominatsiyasida esa tumandagi “Sarvari” MFY hududida issiqxona xo‘jaligi, sabzavotchilik va bog‘dorchilikda yuqori natijalarga erishgan Gulhayo Bafoyeva peshqadamlikni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldi.

Ko‘rik-tanlovning g‘olib va sovrindorlariga O'zLiDeP tuman  Kengashining diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi. Nominatsiyalarning  g‘oliblari ushbu ko‘rik-tanlovning viloyat bosqichida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdilar.

  • Ko'rildi
    473
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+