TATU Urganch filiali talabalari va o‘qituvchilari Konstitutsiya takomillashtirilishi yuzasidan asosli takliflar bildirdilar
15.06.2022, 14:40

O‘zLiDeP Xorazm viloyati hamda tuman, shaharlar kengashlari partiya quyi bo‘g‘inlari, deputatlar bilan birgalikda hududda Konstitutsiyamiz isloh qilinishi jarayoniga bag‘ishlangan 50 dan ortiq tadbir uyushtirdilar. Muloqotlarda 2 ming 700 dan ortiq tadbirkor, fermer, mahallalar faollari, yoshlar va jamiyatning boshqa qatlamlari vakillari ishtirok etib, Asosiy qonun takomillashtirilishi yuzasidan 100 ga yaqin taklif bildirdilar. Ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash, mulk daxlsizligini kafolatlash, nogironlar uchun ko‘proq ish o‘rinlari yaratish, tibbiyot va ta’lim tizimini isloh qilish singari jo‘yali taklif va tavsiyalar O’zbekiston Konstitutsiyasini takomillashtirish bo‘yicha takliflarni umumlashtirish va Konstitutsiyaviy komissiyaga taqdim etish bo‘yicha O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasidagi ishchi guruhga taqdim qilindi.
Navbatdagi tadbir Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Urganch filialida tashkil qilindi. Asosan talabalar, o‘qituvchilar qatnashgan muloqotda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari, O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Xaitov ishtirok etdi.
Partiya lideri Bosh qomusni isloh qilish zaruratini yuzaga keltirgan omillar, unga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritilishining ulkan ahamiyati, afzalliklari to‘g‘risida atroflicha so‘z yuritdi. Asosiy qonunni takomillashtirish tashabbusi bilan chiqqan O'zLiDeP Konstitutsiyani isloh qilish bilan bog‘liq jarayonlarda faol qatnashayotganiga ham to‘xtalib o‘tdi. Bosh qomusimizda amalga oshiriladigan barcha o‘zgarishlarning tub mohiyatini tashkil qiluvchi asosiy g‘oya “Inson qadri uchun” shiorida ifodalanganini bildirdi. Mamlakatimiz taqdiriga befarq bo‘lmagan barcha yurtdoshlarimiz Konstitutsiya takomillashtirilishida g‘oyat faol qatnashishi kerakligini ta’kidladi.
Muloqotda bir qancha g‘oyalar o‘rtaga tashlandi. Ayniqsa, yoshlarning umumta’lim jarayonida kasb-hunarga ega bo‘lishlari davlat tomonidan kafolatlanishi, tibbiy sug‘urtalashning mukammal mexanizmi joriy qilinishi, iqtidorli yoshlar qo‘llab-quvvatlanishining yanada kuchaytirilishi to‘g‘risidagi takliflar ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Ularni partiya ishchi guruhiga topshirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Mazmunli, samimiy kechgan muloqotdan keyin O'zLiDeP yetakchisi iqtidorli talabalarning hayotga tatbiq etilayotgan ishlanmalari va loyihalari bilan tanishdi.
O'xshash yangiliklar
-
Bog‘otlik tadbirkorlar va tomorqachilarning ish faoliyati bilan tanishilib, muammo va takliflari o‘rganildi
05.08.2022, 15:58
-
Xazorasplik tomorqachi Rustam ota tajribasi ommalashtiriladigan bo‘ldi
05.08.2022, 15:56
-
Gurlanda ish boshlagan korxona 1200 nafardan ortiq xotin-qizlar va yoshlarning bandligini ta’minlagan
03.08.2022, 17:36
-
Partiya yetakchisi Qoraqalpog‘istonda tadbirkorlik sub’ektlari va fermer xo‘jaliklari faoliyati bilan tanishdi
03.08.2022, 17:05
-
Taxiatoshda tadbirkorlik sub’ektlari soni ortib bormoqda
02.08.2022, 12:04
Fikringizni qoldiring