Xususiy mulk daxlsizligi kafolatlari yanada kuchaytirilishi kerak

16.06.2022, 16:14

Xususiy mulk daxlsizligi kafolatlari yanada kuchaytirilishi kerak

Yangi O’zbekiston taraqqiyot strategiyasida O’zbekistonning biznes yuritish, global raqobatbardoshlik, innovatsiyalar, sanoatning raqobatbardoshligi indekslari bo‘yicha dunyoning yetakchi 50 ta mamlakati qatoridan o‘rin egallashini ta’minlash ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Shuningdek, 2030 yilga qadar munosib haq to‘lanadigan 10 millionta yangi ish o‘rnini yaratish davlatimiz iqtisodiy strategiyasining muhim yo‘nalishidir.

Bu kabi yuksak maqsadlarga xususiy mulk daxlsizligini ta’minlamasdan, uni har qanday tajovuzlardan himoya qilmasdan, erishib bo‘lmaydi, deb hisoblaymiz. Ushbu vazifa esa davlatimiz iqtisodiy siyosatining eng ustuvor yo‘nalishidan biriga aylanishi kerak.

Chunonchi, mulkdorlar o‘rta sinfi, tadbirkorlar va fermerlar, kichik biznes va xizmat ko‘rsatish sohasi vakillari yangi O’zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarga ko‘maklashayotgan, qo‘llab-quvvatlayotgan, davlat va jamiyatimizning mustahkam tayanchiga aylanayotgan faol ijtimoiy qatlam. Shu bois xususiy sektor manfaatlari, haq-huquqlarini himoyalash, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash g‘oyat muhimdir.

Aytish kerakki, ilg‘or mamlakatlar iqtisodiy yuksalish darajasiga xususiy mulk daxlsizligi, mulk­dorlar huquq va qonuniy manfaatlarining ishonchli hi­moyasini ta’minlash orqali erishgan.  Lekin, shunday bo‘lsa-da, respublikamizda tadbirkorlarning mulkka doir huquqlari  buzilishi bilan bog‘liq holatlar oz emas. Adliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2016–2019 yillarda davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalari olib qo‘yilishi munosabati bilan 6 ming 479 ta mulk buzilgan.

Bu borada O’zLiDeP tuzilmalari, deputatlik guruhlariga ham mulk huquqlari buzilishiga doir murojaatlar bo‘ldi. Vaholanki, mamlakatimizda mulkdorlar huquqlarini ta’minlovchi qator qonun hujjatlari bor.

Biroq hozirgi davr mulk daxlsizligini ta’minlash, xususiy mulk himoyasini kafolatlash, iqtisodiyotda xususiy mulkning o‘rni hamda ahamiyatini yanada oshirish, mulkdorning o‘z mulkiga o‘zi erkin egalik qilishi, foydalanishi, tasarruf etishini amalda ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlarning konstitutsiyaviy-huquqiy asosini yanada mustahkamlashni talab qilyapti.  

Shu ma’noda, O’zLiDeP tuzilmalari va deputatlik korpusi aholining tobora ko‘proq qismini tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish hisobiga xalq farovonligini oshirishni o‘zining ustuvor vazifalaridan, deb biladi.

Har qanday davlatda xususiy mulk va mulkdor huquqi ishonchli tarzda kafolatlanmasa, mulkdorning o‘z mehnati samaralariga ishonchsizligi ortib, tashabbuskorligi  susayadi. Bu esa tadbirkorlik rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Zero, har qanday mulkdor qonuniy yo‘l bilan qo‘lga kiritgan yoki yaratgan o‘z mulkining daxlsizligi ta’minlanishi va ishonchli kafolatlanishini xohlaydi. Tadbirkorlik esa mamlakat rivojini harakatlantiruvchi qudratli kuch hisoblanadi.

Shu nuqtai nazardan, amaldagi Konstitutsiyadan quyidagi norma o‘rin olishi maqsadga muvofiq, degan fikrdamiz: “Hech bir shaxs o‘z mulkidan sudning qarorisiz mahrum etilishi mumkin emas, mulkni jamoat ehtiyojlari uchun boshqaga o‘tkazish majburiy ravishda qonunda nazarda tutilgan istisno hollarda hamda unga mulkning o‘rni oldindan va teng miqdorda qoplangan taqdirda amalga oshirilishi mumkin”.

 Asosiy qonunimizga kiritilayotgan mazkur o‘zgartish, bizningcha,  xususiylashtirish jarayonlarining ijobiy sur’atlarda borishiga, xususiy mulkdorlar sinfining yanada o‘sishi va rivojlanishi hamda milliy iqtisodiyotda chuqur institutsional o‘zgarishlarni amalga oshirish jarayonida moliyaviy resurslar ko‘lamini kengaytirishga shart-sharoit yaratadi. Eng muhimi, xususiylashtirish jarayonini yangi, yanada yuqori rivojlanish bosqichiga olib chiqish imkonini beradi.

 Dilshod ShOUMAROV,

O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi

 raisi o‘rinbosari

 

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    482
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+