Asosiy qonunimizda xususiy mluk daxlsizligini mustahkamlab qo‘yish o‘ta muhim

16.06.2022, 16:15

Asosiy qonunimizda xususiy mluk daxlsizligini mustahkamlab qo‘yish o‘ta muhim

Antik dunyoning mashhur olimlaridan biri Pifagor “Xususiy mulki bo‘lmagan odam bevatandir”, deb ta’kidlagan edi. Xususiy mulk haqida so‘z ketar ekan, beixtiyor sobiq Ittifoq davridagi qatag‘on davrlari yodga tushadi. Odatda qatag‘on deganda, biz ko‘proq xalqimizning ziyoli qatlami turli xil bo‘hton-u tuhmatlar bilan nohaq qamalgani, otilgani yoxud surgun qilinganini haqida gapiramiz.

Eng achinarlisi, inson davlat deb atalmish mashinaning bor yo‘g‘i bir muruvvati, deb qaraldi. Bunday kezlar “inson qadri”, degan tushuncha haqida gap ham bo‘lishi mumkin emasdi.

Mustaqilligimizning ilk yillaridanoq hayotimizga bozor iqtisodiyoti tamoyillari joriy qilinar ekan, xususiy mulkka bo‘lgan qarash ham keskin o‘zgardi. Mamlakatimizda xususiy mulkni himoya qilishning huquqiy asosi Konstitutsiyamizning 53-moddasida belgilab qo‘yildi.

Mamlakatimizdagi yetakchi siyosiy kuch – Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Dasturida ham “Partiya nuqtai nazariga ko‘ra, mulk erkinlikning bosh sharti, eng muhim kafolati, insonning boshqa huquqlari manbai, fuqarolarning himoyalanish asosidir” deb ta’kidlab o‘tilgan.

Aytish kerakki, xususiy mulkning davlat tomonidan qonunlar bilan kafolatlangan huquqiy himoyasini ta’minlamasdan turib, kichik biznes va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, iqtisodiyotni liberallashtirish qiyin kechishi jahon amaliyotidan yaxshi ma’lum.

Halol mehnat bilan erishilgan mulk egasi o‘z mulkining haqiqiy sohibi bo‘lishi, ya’ni xususiy mulk daxlsiz bo‘lishi kerak. Bu inson huquq va manfaatlari himoyasining uzviy bir qismidir.

Qonuniy yo‘l, halol mehnat bilan topilgan xususiy mulk daxlsizligi va uning kafolatli himoyasi jamiyatimizdagi har bir fuqaro, har bir oila manfaati uchun xizmat qilishi, shubhasiz. Qolaversa, bunday daxlsizlik va kafolatli himoya jamiyat farovonligi hamda davlat iqtisodiyoti real sektori barqarorlashuvini ta’minlashda ham muhim o‘rin tutadi.

Bu borada Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan so‘nggi yillarda tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlash, xususiy mulkni har tomonlama muhofaza qilish va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga qaratilgan muhim islohotlar amalga oshirilayotganini ta’kidlash lozim.

Konstitutsiyaviy islohotlar jarayoni ketayotgan ayni kunlarda xususiy mulk huquqi daxlsizligini ta’minlash, mulkdorlar huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning konstitutsiyaviy kafolatlarini kuchaytirish, mamlakatimizda qulay ishbilarmonlik va investitsiyaviy muhitni shakllantirish choralarini izchil davom ettirish borasidagi keng ko‘lamli ishlarning mazmun-mohiyatini aks ettiradigan mezonlarni Asosiy Qomusimizda mustahkamlab qo‘yish o‘ta muhim ahamiyat kasb etadi.

Erkin XOLMATOV,

OzLiDeP Jizzax viloyat kengashi raisi,

Xalq deputatlari viloyat Kengashidagi

OzLiDeP deputatlik guruhi rahbari

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    489
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+