Tadbirkorligini boshlash istagida bo‘lgan 35 nafar gurlanlik yoshlar yirik ishlab chiqarish korxonalar faoliyati bilan tanishdi

20.06.2022, 16:34

Tadbirkorligini boshlash istagida bo‘lgan 35 nafar gurlanlik yoshlar yirik ishlab chiqarish korxonalar faoliyati bilan tanishdi

Mamlakatimizda 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar soni 18 milliondan ziyod. Bu – aholining qariyb 55 foizini tashkil etadi. Zamon talablarini ilg‘ash va amalga oshirish, soha va tarmoqlarni olg‘a boshlashda bu juda katta tayanch, bebaho xazinadir.

Bugungi kunda 18-30 yoshlilar orasida rasmiy ishsizlik 17 foiz ekani qayd etilgan. Joylarda yoshlar o‘rtasida ishsizlikni bartaraf qilish bo‘yicha olib borilgan o‘rganishlar yoshlarni kasb-hunarga o‘qitish, bandligini ta’minlash, ular uchun kredit ajratishda haligacha ko‘plab kamchiliklar saqlanib qolayotganini ko‘rsatmoqda.

Joriy yil 15 iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida aholini kasb-hunarga o‘qitish va monomarkazlar faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ham joriy yilda 404 ming nafar o‘rta ta’lim, 151 ming nafar kasb-hunar ta’lim, 125 ming nafar oliygoh bitiruvchilari, jami 680 ming nafar yoshlarning bandligini ta’minlash bo‘yicha muhim vazifa turgani e’tirof etildi. Ularning bandligini ta’minlash, kasb-hunarga yo‘naltirish, tadbirkorlikka jalb qilish, o‘zini o‘zi band qilishga erishish muhim masala ekanligi ta’kidlandi. Mazkur yig‘ilishda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash va yoshlar bandligiga ko‘maklashishda  O’zLiDeP deputatlari, partiya faollari ham chetda turgani yo‘q.  Bu borada mahallabay ishlash tizimi katta samara berayotir.

Gurlan tumani “Moyli” mahallasi hokim yordamchisi, O’zLiDeP tuman Kengashi raisi Umidjon Bazarbayev sa’y-harakatlari natijasida mahallaning o‘ziga xos hayot tarzidan kelib chiqib xotin-qizlar va yoshlar bandligini ta’minlash, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishni yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashilmoqda. Xususan, U.Bazarbayev tomonidan 35 nafar  tikuvchilik, ishlab chiqarish kabi yo‘nalishlarda o‘z faoliyatini boshlash istagini bildirgan xotin-qizlar va yoshlar  "GURLAN GLOBAL TEKS" kompaniyasi tikuv sexi hamda “AVAR WOODS” MCHJ sexi faoliyati bilan tanishtirildi. 

-Tikuvchilikka qiziqaman. Bank krediti va o‘z mablag‘larim hisobiga tikuvchilik sexi tashkil etishni niyat qilganman. Bugungi tumanimizdagi yirik ishlab chiqarish korxonalariga qilingan sayohat menda katta taasurot qoldirdi. Tadbirkorlikni tashkil qilish, faoliyatni yuritish va albatda sifatli mahsulot ishlab chiqarishda muhim bo‘lgan jihatlar bilan tanishdik. Korxonada ish o‘rganish bo‘yicha takliflarni oldik. O’ylaymanki bu kelajakda o‘z faoliyatimizni yo‘lga qo‘yishimizda katta tajriba bo‘ladi, -deydi tadbir ishtirokchisi Sanobar Karimova.

Nargiza Karimova,

O’zLiDeP Gurlan tuman Kengashi apparat rahbari

  • Ko'rildi
    440
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+