Ijtimoiy davlatda - ijtimoiy tafovutlar bo‘lmaydi

20.06.2022, 16:43

Ijtimoiy davlatda - ijtimoiy tafovutlar bo‘lmaydi

Bilasizmi, sayyor qabullarda odamlar bilan muloqot qilarkanmiz, ba’zida otasining va yoki akasining sudlangani uchun ishidan ayrilgan va yoki o‘zi istagan yo‘nalishda faoliyat yurita olmayotgan fuqarolar ham masalasini hal qilib berishni so‘rab, murojaat qilishadi. Afsuski, bu kabi murojaatlarning aksariyatini ijobiy hal etish ancha mushkul kechgan. Shunchaki qonunlarimizda ayni shunday bandlar yo‘qligini tushuntirish bilan cheklangan paytlarimiz ham bo‘lgan.

Davlatimiz rahbarining 20 iyun kuni o‘ztkazgan yig‘ilishida Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha bildirgan takliflari orasida aynan mana shu muammoli holatga ham to‘xtalgani ayni muddao bo‘ldi. Axir bir jinoyat uchun butun bir avlodning javob berishi, yaqin qarindoshlari sudlangan deb fuqarolarni ishga qabul qilmaslik bu insonga qilingan adolatsizlikdir. Shu bois, Sh.Mirziyoyev Konstitutsiyamizga “Shaxsning sudlanganligi va undan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklashga asos bo‘lishi mumkin emas”, deb qat’iy yozib qo‘yishimiz kerak, deya ta’kidladi.

Yig‘ilishda yana bir masala, “propiska” muammosi tilga olindi. To‘g‘ri, odamlarimizni, ularning huquqlarini kamsitadigan bunday holatni bartaraf etish uchun yo‘llardagi nazorat postlari, “propiska”, degan narsa yo‘q qilindi. Biroq, kelgusida ham bunday to‘siqlarni tizimli hal etish uchun har bir O’zbekiston fuqarosi mamlakat bo‘ylab erkin harakatlanish, turar yoki yashash joyini erkin tanlash huquqiga ega bo‘lishi, har bir fuqaroga mamlakatdan to‘siqlarsiz chiqish va qaytish huquqi kafolatlanishi lozim. Bu va shaxsiy hayot daxlsizligi, uning kafolatlari aynan Konstitutsiya darajasida mustahkamlanishi kerak, dedi prezident.

Qolaversa, Asosiy qomusimizga ijtimoiy davlat degan tushunchani kiritish kerakligiga urg‘u berdilar. Chunki “inson qadri” tushunchasi “ijtimoiy davlat” tushunchasi bilan chambarchas bog‘liq. Ijtimoiy davlat – ijtimoiy tafovutlarni kamaytirish, muhtojlarga yordam berish bo‘yicha samarali siyosat olib boradigan davlat modelidir. Bu muhtojlarga uy-joy, yashash uchun zarur bo‘lgan iste’mol tovarlarining eng kam miqdori belgilab qo‘yilishini nazarda tutadi. U shaxs va uning oilasi munosib hayot kechirishi uchun yetadigan ish haqi, kambag‘allikni qisqartirish, bandlikni ta’minlash, xavfsiz mehnat sharoitini yaratishni talab qiladi.

Shu bilan birga, ishsizlikdan himoyalanish, kafolatlangan sifatli ta’lim, malakali tibbiy yordam, barcha uchun teng imkoniyatlar, oilalar, bolalar, ayollar, qariyalar, nogironligi bor shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash ham ijtimoiy davlatning asosiy vazifasidir.

Ushbu masalalar har birimiz uchun o‘ta muhim hayotiy zarurat ekanligi sir emas. Ayniqsa, munosib mehnatga yarasha haq olish, barcha uchun teng imkoniyatlar yaratilishi bu adolat mexanizmiga xos bo‘lgan tushunchalardir. Mamlakatda yashayotgan ko‘plab fuqarolarni qiynayotgan, o‘ylantirayotgan og‘riqli mavzulardir. Prezident ayni shu jihatlarni ham Konstitutsiyada mustahkamlashimiz kerakligini uqtirmoqda.

Yig‘ilishda boshqa ko‘plab yo‘nalishlar bo‘yicha yangi qoidalar joriy qilinishi haqidagi takliflar ham bildirildi va ularning barchasi asosli takliflardir. Muhimi, ularning har biri xalq manfaatiga xizmat qiladi.

Faxriddin Samatov,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O’zLiDeP fraksiyasi a’zosi

  • Ko'rildi
    398
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+