Bosh Qomusimizda xususiy mulk himoyasini ta’minlash kafolatlanadigan bo‘ldi

20.06.2022, 18:03

Bosh Qomusimizda xususiy mulk himoyasini ta’minlash kafolatlanadigan bo‘ldi

Bugun Prezident Shavkat Mirziyoyevning O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Yurtboshimizning “Bosh qomusimizda xususiy mulk himoyasini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan konstitutsiyaviy kafolatlarni kuchaytirishimiz lozim. Toki, katta-kichikligidan qat’iy nazar, har bir tadbirkor doimo davlat, Konstitutsiya, qonunlar hamda Prezident himoyasida ekanini amalda his qilsin, - degan fikrlari biz partiya xodimlarini g‘oyat ruhlantirib yubordi.

Zero, biz doim xususiy mulk daxlsizligi uchun kurashib kelganmiz. Partiya nuqtai nazariga ko‘ra, mulk – erkinlikning bosh sharti, eng muhim kafolati, insonning boshqa huquqlari manbai, fuqarolarning himoyalanishi asosidir. Davlat xususiy mulkdorning qonuniy huquqlarini himoyalashi, har kim o‘z mol-mulkini ko‘paytirish maqsadida ishlashi mumkin bo‘lgan sharoitlarni  yaratishi kerak. Bizning fikrimizcha, qayerdaki jamiyat va davlat xususiy mulkni hurmat qilish tamoyillariga tayansa, o‘sha yerda – taraqqiyot, qayerdaki inkor etish ustunlik qilsa – orqaga ketish kuzatiladi.

Bugungi uchrashuvda biz ayni shu g‘oyamizning ro‘yobini ko‘rdik. Uchrashuvda rivojlangan davlatlardagi kabi, shunday tartib o‘rnatilishi lozimki, mulkdor sud qarorisiz, o‘zining roziligisiz, adolatli tovon pulisiz, mulkidan mahrum etilmasligi; shu bilan birga, davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish natijalari qayta ko‘rib chiqmaslik hamda bekor qilmaslik masalasini ham Konstitutsiyaviy qoida sifatida belgilash masalalari tilga olindi.

Ayniqsa, iqtisodiyotimizni harakatga keltiruvchi asosiy kuch bo‘lgan tadbirkorlikning rivojlanishi yo‘lidagi barcha to‘siq va g‘ovlarni olib tashlashimiz zarurligiga alohida urg‘u berildi.

Bu ham tadbirkorlarimiz oldidagi qator to‘siqlarni olib tashlashga, ularga yengillik va qulayliklar yaratishga xizmat qiladi.

Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar qonunchilikda taqiqlanmagan har qanday faoliyatni amalga oshirishga, o‘z faoliyati yo‘nalishlarini mustaqil ravishda tanlashga, tadbirkorlikdan cheklanmagan miqdorda daromad olishga haqli ekanini Konstitutsiyada mustahkamlashni taklif etgani esa partiya xayrixohlari bo‘lgan tadbirkorlarning dilidagi ayni muddao bo‘ldi, desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.

Davlat xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay ishbilarmonlik va investitsiyaviy muhit hamda sharoitlarni ta’minlashi, erkin va halol raqobatning himoya qilinishi, iqtisodiy faoliyatda monopollashtirishga yo‘l qo‘yilmasligini kafolatlashi lozimligi ham aytildiki, buning zamirida juda katta g‘amxo‘rlik yotibdi.

Bir so‘z bilan aytganda, O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan o‘tkazilgan uchrashuvda ko‘rib chiqilgan har bir yo‘nalishdagi masalalar konstitutsiyaviy islohotlarimiz Vatanimiz taqdiri va kelajagi uchun g‘oyat muhim ahamiyatga egaligini yana bir bor isbotladi.

To‘lqinjon Fayziyev,

O’zLiDeP Toshkent viloyat Kengashi raisi

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    514
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+