Xususiy mulkning ishonchli kafolati ta’minlanadi

20.06.2022, 18:13

Xususiy mulkning ishonchli kafolati ta’minlanadi

Aslida ham busiz taraqqiyotni, rivojlanishni tasavvur etib bo‘lmaydi. Shuning uchun ham bugun tadbirkorlikni rivojlantirishga katta kuch sarflanyaptiki, bu o‘z mevasini ham berayapti, albatta. Shu bilan birga mazkur yo‘nalishda ham Asosiy Qomusimizga ayrim o‘zgartirishlar kiritilishiga ehtiyoj sezilmoqdaki, bu borada davlatimiz rahbari 20 iyun kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda alohida to‘xtalib o‘tdi.

Ya’ni davlat rahbari Bosh qomusimizda xususiy mulk himoyasini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan konstitutsiyaviy kafolatlarni kuchaytirish haqida aytib o‘tdi. Shundagina katta-kichikligidan qat’iy nazar, har bir tadbirkor doimo davlat, Konstitutsiya, qonunlar hamda Prezident himoyasida ekanini amalda his qilishadi.

Rivojlangan davlatlardagi kabi mulkdor sud qarorisiz, o‘zining roziligisiz, adolatli tovon pulisiz, mulkidan mahrum etilmasligi, shu bilan birga, davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish natijalarini qayta ko‘rib chiqmaslik hamda bekor qilmaslik masalasini ham Konstitutsiyaviy qoida sifatida belgilash lozim. Eng muhimi, iqtisodiyotimizni harakatga keltiruvchi asosiy kuch bo‘lgan tadbirkorlikning rivojlanishi yo‘lidagi barcha to‘siq va g‘ovlarni olib tashlashimiz zarurligiga e’tibor qaratishimiz kerak, dedi prezident.

Buning uchun esa tadbirkorlar qonunchilikda taqiqlanmagan har qanday faoliyatni amalga oshirishga, o‘z faoliyati yo‘nalishlarini mustaqil ravishda tanlashga, tadbirkorlikdan cheklanmagan miqdorda daromad olishga haqli ekanini Konstitutsiyada mustahkamlash taklif etildi. Yana davlat xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay ishbilarmonlik va investitsiyaviy muhit hamda sharoitlarni ta’minlashi, erkin va halol raqobatning himoya qilinishi, iqtisodiy faoliyatda monopollashtirishga yo‘l qo‘yilmasligini kafolatlashi lozim.

O’z navbatida, qishloq xo‘jaligi yerlari va o‘rmon fondi davlat tasarrufida bo‘lib, tadbirkorlik sub’ektlariga ijara shartnomasi asosida berilishi haqida ham yangi norma kiritilsa, bu ko‘plab xususiy sektor vakillari uchun ayni muddao bo‘lardi.

Mazkur normalar tadbirkorlikni kengroq rivojlanishiga, ularning faoliyatiga to‘sqinlik qiladigan holatlarning oldini olishga xizmat qilibgina qolmay, ham mamlakat iqtisodini o‘sishiga, ham aholi farovonligini oshishiga ham sabab bo‘ladi.

Alisher RO’ZIYEV,

O’zLiDeP Surxondaryo viloyati Kengashi raisi

Xalq deputatlari viloyat kengashi deputati

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    418
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+