Bosh qomusimizda mahallaning maqomini yanada oshirish taklifi ilgari surildi

21.06.2022, 15:30

Bosh qomusimizda mahallaning maqomini yanada oshirish taklifi ilgari surildi

Kuni kecha davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha kelib tushgan takliflar yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan uchrashdi.

Xalqimizdan Komissiyaga kelib tushgan barcha muhim va dolzarb takliflarning ayrimlari davlatimiz rahbari tomonidan muhokama qilinib, shular asosida  4 ta yo‘nalish bo‘yicha o‘z takliflarini kiritdilar. 

Jumladan, uchinchi yo‘nalish – erkin  va adolatli fuqarolik jamiyati rivojlanishi bilan bog‘liq masalada ham aynan fuqarolar yig‘inlarining jamiyatdagi mavqei va ta’sirini kuchaytirishga  ko‘maklashish maqsadida mahallaning maqomini hamda davlat organlarining  bu boradagi vazifalarini Asosiy qonunimizda aniq belgilab qo‘yishni taklif etdi.

 Biz mahalla deganda, dunyoda kamdan-kam uchraydigan, insonni jamiyat bilan uyg‘un bo‘lib yashashga o‘rgatib, bag‘rikenglik ruhida tarbiyalaydigan,  xalq bilan davlat o‘rtasidagi ishonchli ko‘prik vazifasini bajaradigan noyob tuzilmani tushunamiz.

 Yurtimizda yashaydigan har bir inson, millati, tili va dinidan  qat’i nazar, o‘z hayotini, quvonchu tashvishlarini mahalladan ayri holda tasavvur eta olmaydi.

Bizning xalqimiz uchun jamiyat, avvalo, mahalladan boshlanadi. Mahalla – asrlar davomida milliy urf-odatlarimiz va boy ma’naviyatimizni bezavol saqlab, xalqimiz uchun ezgulik va tarbiya beshigi, yaxshi qo‘shnichilik va hamjihatlik maskani bo‘lib kelmoqda.

Shuning uchun ham davlatimiz rahbari mahallalarning davlat hokimiyati organlari tizimiga kirmasligi, joylardagi mahalliy ahamiyatga  molik masalalarni mustaqil hal etish bo‘yicha vakolatlari alohida  belgilanishi zarur ekanligini ta’kidlab o‘tdi.

Yig‘ilish so‘nggida davlatimiz rahbari xalqimizga murojaat qilib, Yangi O’zbekistonni barpo etish maqsadida boshlagan barcha islohotlarimiz har birimizning bugun va kelajakda farovon hayot kechirishimizni ta’minlashga qaratilganligini ta’kidlab o‘tdi.

Muxtasar qilib aytganda, Konstitutsiyaviy islohotlar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning  izchillik bilan davom etishida, inson qadrini yuksaltirishda va  xalqimizning farovon hayot kechirishini ta’minlashga xizmat qiladi.     

Sag‘indiq Turmanov,

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mahalla

va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vaziri,

O’zLiDeP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi  raisi

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    314
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+