Konstitutsiya – xalqimiz orzu istaklari ko‘zgusidir

21.06.2022, 15:38

Konstitutsiya – xalqimiz orzu istaklari ko‘zgusidir

Joriy yil 20 iyun kuni O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuv davomida davlatimiz rahbari shu kungacha Komissiyaga fuqarolarimizdan 48 ming 492 ta taklif kelib tushganiga e’tibor qaratar ekan, bu konstitutsiyaviy islohotlar ob’ektiv hayotiy zarurat sifatida kun tartibiga chiqayotganini yaqqol namoyon etayotganini ta’kidladi va “Nima uchun aynan bugun konstitutsiyaviy islohotlar o‘tkazish zarurati tug‘ilmoqda?”, degan savolga ham izoh berib o‘tdi.

“O’zbekiston Konstitutsiyasi mustaqillik yillarida erishgan barcha yutuqlarimizning mustahkam huquqiy poydevori bo‘lib kelmoqda.

Buni hammamiz yaxshi bilamiz va yuksak qadrlaymiz. Shu bilan birga, bugun shiddatli taraqqiyotning o‘zi oldimizga qo‘yayotgan muhim bir talabni chuqur tushunib olishimiz zarur.

Hozirgi tahlikali zamon, yon-atrofimizdagi murakkab vaziyat ona Vatanimiz taqdiriga yanada ulkan mas’uliyat bilan yondashib, kechiktirib bo‘lmaydigan strategik qarorlar qabul qilishni taqozo etmoqda", – dedi Prezidentimiz.

Darhaqiqat, o‘tgan qisqa vaqt davomida yurtimizda bunyodkorlik va yaratuvchanlik borasida amalga oshirilgan ishlar, ayniqsa odamlarning dunyoqarashida kechgan o‘zgarishlar ko‘lami bir necha o‘n yillarga ta’tigulik. Amalga oshirilayotgan islohotlar markazida inson, uning manfaatlari bosh mezon qilib olinishi, jamiyatimizning siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy qiyofasini ham tubdan o‘zgartirdi. Qolaversa, jahonda keskin transformatsiya jarayonlari va raqobat kuchaymoqda. Insoniyat ilmiy-texnologik davrga qadam qo‘ydi.

“Mana shunday hal qiluvchi pallada va kelajakda davlatimizda, jamiyatimizda insonning o‘rni va qadri qanday?

Qanday siyosiy-huquqiy, iqtisodiy-ijtimoiy va ma’naviy-gumanitar tamoyillar, qadriyat va manfaatlar biz uchun ustuvor ahamiyatga ega bo‘ladi?

Eng muhimi, konstitutsiyaviy islohotlar oddiy aholiga, xalqimiz farovonligini ta’minlash, jamiyatimiz va davlatimiz taraqqiyotiga nima beradi?”

“Bu savollarning barchasiga javobni puxta ishlangan huquqiy normalar orqali Konstitutsiyamizda aks ettirish – davr taqozosidir. “Inson qadri uchun” g‘oyasini hamda hozirgi islohotlarimizning bosh tamoyili bo‘lgan “Inson – jamiyat – davlat” degan yondashuvni Konstitutsiyamizning mazmuniga chuqur singdirib, amaliy hayotimizda bosh qadriyatga aylantirishimiz zarur.

Ya’ni, insonning qadr-qimmati, sha’ni va g‘ururi bundan buyon barcha sohalarda birinchi o‘rinda turishi kerak”, – dedi Prezidentimiz.

Yig‘ilishda Davlatimiz rahbari Komissiya a’zolari e’tiborini bu boradagi bir qator ustuvor yo‘nalishlarga qaratdi. Inson, uning hayoti, erkinligi, qadr-qimmati, daxlsiz huquqlari va manfaatlari, “O’zbekiston – ijtimoiy davlat” degan g‘oya, erkin va adolatli fuqarolik jamiyati rivojlanishi, yurtimizda insonparvar, demokratik huquqiy davlat qurish kabi ustivor bu yo‘nalishlar Asosiy Qomusimizni darhaqiqat, dunyodagi eng mukammal va xalqimiz orzu istaklari ro‘yobini ta’minlovchi Konstitutsiyaga aylantirishi shubhasiz.

Sherzod MAMATQULOV,

O`zLiDeP Jizzax viloyat Kengashi apparat rahbari

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    349
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+