O‘zLiDeP Prezidentimizning Konstitutsiya takomillashtirilishi bo‘yicha takliflari ahamiyati yuzasidan tushuntirish-targ‘ibot ishlariga kirishdi

21.06.2022, 17:44

O‘zLiDeP Prezidentimizning Konstitutsiya takomillashtirilishi bo‘yicha takliflari ahamiyati yuzasidan tushuntirish-targ‘ibot ishlariga kirishdi

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi, hududiy partiya tashkilotlari va partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi farksiyasining qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Prezident Shavkat Mirziyoyevning O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan uchrashuvidagi nutqidan kelib chiquvchi O‘zLiDePning dolzarb vazifalari atroflicha muhokama qilindi.

Ta’kidlash joizki, Bosh qomusimizni isloh qilinishida xalq fikriga tayanilmoqda, bildirilgan har bir taklif, mulohaza inobatga olinmoqda. Bu borada O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasida ham Konstitutsiyani takomillashtirishga oid takliflarni tayyorlash va Konstitutsiyaviy komissiyaga taqdim etish bo‘yicha ishchi guruh tuzilgan. Shu kungacha partiya ishchi guruhlariga 4 mingdan ortiq taklif kelib tushdi. Ularning 2 ming 600 dan ortig‘i Konstitutsiyaviy komissiyaga kiritildi va aksariyati konstitutsiyaviy komissiya muhokamalarida inobatga olindi.

Davlat rahbari kuni kecha bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda kelib tushgan har bir taklifni e’tiborsiz qoldirmasdan, Asosiy qonunimizni takomillashtirish jarayonida, albatta, inobatga olish, har bir yurtdoshimiz ushbu hujjatni Mening Konstitutsiyam deb faxrlanadigan mukammal darajaga olib chiqish zarurligini ta’kidladi. Bu muhim jarayonda O‘zLiDePning barcha darajadagi kengashlari va boshlang‘ich tashkilotlari, deputatlar, partiya faollari bilan birgalikda tushuntirish va targ‘ibot-tashviqot tadbirlari o‘tkazib, takliflar olish ishlarini amalga oshiryapti.

Majlisda so‘z olganlar Konstitutsiya takomillashtirilishi bo‘yicha  davlatimiz rahbari tomonidan bayon qilingan to‘rtta ustuvor yo‘nalish va ularning har biri bo‘yicha Prezidentimiz bildirgan takliflarni to‘liq qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladilar. Shuningdek, partiya elektoratining asosiy qismi bo‘lgan tadbirkorlar tomonidan ko‘plab konstitutsiyaviy tashabbuslar ilgari surilgani e’tirof etildi.

“Taraqqiyotning ko‘p asrlik tajribasi shuni ko‘rsatadiki, xususiy mulksiz, uning ishonchli kafolatisiz kuchli ijtimoiy davlatni qurib bo‘lmaydi”, dedi yurtboshimiz. Shu bois Bosh qomusimizda xususiy mulk himoyasini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan konstitutsiyaviy kafolatlarni kuchaytirish lozimligiga urg‘u berildi. Rivojlangan davlatlardagi kabi shunday tartib o‘rnatilishi lozimki, mulkdor sud qarorisiz, o‘zining roziligisiz, adolatli tovon pulisiz mulkidan mahrum etilmasin. Shu bilan birga, davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish natijalari qayta ko‘rib chiqmaslik hamda bekor qilmaslik masalasini ham Konstitutsiyaviy qoida sifatida belgilashning vaqti-soati keldi. Bu esa iqtisodiyotimizni harakatga keltiruvchi asosiy kuch bo‘lgan tadbirkorlikning rivojlanishi yo‘lidagi barcha to‘siq va g‘ovlarni olib tashlashda juda muhim me’yorlar hisoblanadi.

Shu bilan birga inson, uning hayoti, erkinligi, qadr-qimmati, daxlsiz huquqlari va manfaatlari, mahallaning maqomi hamda davlat organlarining bu boradagi vazifalarini aniq belgilash, mamlakatimizda davlat boshqaruvini takomillashtirish, xalq hokimiyatchiligini kuchaytirish borasidagi takliflar ham “Inson qadri uchun” degan ulug‘vor tamoyilning to‘la ro‘yobga chiqishiga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Xalqimiz manfaatlari yuksak darajada ifodalangan takliflarning amalga oshishi yangi O’zbekiston taraqqiyot strategiyasidagi ustuvor maqsadlarni ro‘yobi uchun mustahkam huquqiy zamin yaratadi. O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasi va uning ko‘p sonli a’zolarining, tadbirkorlar, ishbilarmonlar va fermerlarning huquq va manfaatlari to‘la kafolatlanishida ham ulkan ahamiyatga ega.

Yig‘ilish qatnashchilari mazkur takliflar O‘zLiDeP dasturiy maqsad va vazifalariga g‘oyat hamohangligini qayd etdilar.  

Qo‘shma majlisda Qonunchilik palatasidagi fraksiya a’zolari, mahalliy kengashlardagi 2 300dan ortiq deputatlar va 13 mingdan ortiq boshlang‘ich partiya tashkilotlari ishtirokida Konstitutsiya takomillashtirilishi bo‘yicha Prezidentimiz bildirgan takliflar mazmun-mohiyati, ahamiyatini aholining keng qatlamlariga yetkazishga bag‘ishlangan tadbirlarni tizimli tashkil qilish borasida aniq vazifalar belgilandi.

  • Ko'rildi
    396
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+