Konstitutsiya va qonunlar ustuvor bo‘lgan yurtda iqtisodiy barqarorlik kafolatlanadi

22.06.2022, 12:44

Konstitutsiya va qonunlar ustuvor bo‘lgan yurtda iqtisodiy barqarorlik kafolatlanadi

Keyingi besh-olti yilda mamlakatimizda tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish, iqtisodiyotda davlat ulushini bosqichma-bosqich kamaytirishga qaratilgan aniq manzilli chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Mamlakatimizda har qaysi xususiy mulkdorning qonuniy yo‘l bilan qo‘lga kiritgan mulkining daxlsizligiga aslo shubha qilmasligini ta’minlaydigan ishonchli huquqiy kafolatlar tizimi yaratildi. Tadbirkorlik faoliyati uchun yer maydonlarini ajratishdagi to‘siq va g‘ovlarni bartaraf etish, tizimdagi korrupsiya holatlariga barham berish maqsadida yer maydonlarini elektron auksion orqali ajratish tartibi joriy etildi.

Ahamiyatli tomoni, mulk egasiga zararning o‘rni to‘liq qoplanmaguncha davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarini olib qo‘yish va ko‘chmas mulkni buzish tartibi bekor qilinib, investor va tadbirkorlarga yetkazilgan mulkiy zararni to‘liq qoplab berish tartibi kafolatlandi. Zero, mulkning egasi bo‘lsa, mehnat unumdorligi bir necha marotaba ortadi. Mulkdorning kayfiyati, intilishi, ish yuritishi, o‘z faoliyatiga, umuman, hayotga munosabati boshqacha bo‘ladi.

Sohani rivojlantirishga qaratilgan ko‘plab qonun, farmon va qarorlarning qabul qilinishi tufayli 114 ta litsenziya va ruxsatnoma bekor qilindi. Ortiqcha tekshirishlar, naqd pul, valyuta va xomashyo bo‘yicha ko‘plab cheklovlarga barham berildi. Eng muhimi, yangi sub’ektlar keskin ko‘payib, oxirgi besh yilda tadbirkorlar soni qariyb 3 baravar oshdi.

Ammo bu borada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarga qaramay, ba’zi hududlarda qabul qilinayotgan qonunlarga rioya etmaslik holatlari, afsuski, uchrab turibdi. Bu esa Konstitutsiyamizda fuqarolarimizning uy-joyga bo‘lgan huquqlarini himoya qilish, uning daxlsizligini kafolatlash, aholining barcha qatlamlari, ayniqsa, muhtoj toifalarni uy-joy bilan ta’minlash bo‘yicha davlatning majburiyatlarini mustahkamlash lozimligini anglatadi. Chunki mulk huquqi daxlsizligini ta’minlamasdan iqtisodiy rivojlanishga erishish qiyin.

Prezidentimiz kuni kecha Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda bu masalaga alohida to‘xtalib, xalqimiz orasida “snos” degan nom bilan mashhur bo‘lgan muammo borligini, bunday holatga butunlay barham berish uchun uy-joy bo‘yicha konstitutsiyaviy kafolatni belgilab qo‘yish lozimligini bildirdi. Bu sudning qarorisiz hech kim uy-joyidan mahrum qilinmaydi, imorat buzilishga tushadigan bo‘lsa, buning uchun buzishdan oldin uning qiymatiga mos ravishda kompensatsiya to‘lanadi, degani.

Uchrashuvda “inson – jamiyat – davlat” tamoyili asosida inson huquqlari, erkinliklari va qadr-qimmatini yuksaltirish, ijtimoiy himoyani kuchaytirish, munosib mehnat sharoitlarini yaratish, ta’lim, ilm-fan sohalarini taraqqiy ettirish, xususiy mulk daxlsizligini yanada mustahkamlashga doir muhim tashabbuslar ilgari surildiki, ularning hammasi juda muhimdir. Xususan, uy-joyga yoki shaxsning boshqa mol-mulkiga uning ruxsatisiz kirish, ularni ko‘zdan kechirish va tintuv o‘tkazishga faqat qonunda belgilangan holat va tartibda yo‘l qo‘yilishi Konstitutsiyada qat’iy belgilanishi eng to‘g‘ri va oqilona qaror bo‘ldi.

Ushbu tashabbus ko‘p sonli a’zolarimiz, ayniqsa, tadbirkor va ishbilarmonlar tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi. Ta’bir joiz bo‘lsa, ularni harakatga keltirdi, ishlab chiqarish ko‘lamini kengaytirish, eksport hajmini oshirish, faoliyatini kengaytirib yangi-yangi ish o‘rinlari yaratishga chorladi. Chunki tadbirkorga zarur sharoitlar yaratib berilsa, to‘plagan mol-mulki, pulini yangi ish ochishga sarflaydi, nafaqat o‘zini, oilasini, balki el-yurtini ham boqadi.

Bugun xususiy mulksiz, uning ishonchli kafolatisiz kuchli ijtimoiy davlatni qurib bo‘lmasligi sababli Bosh qomusimizda xususiy mulk himoyasini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan konstitutsiyaviy kafolatlarni kuchaytirish lozim. Bu orqali har bir tadbirkor doimo davlat, Konstitutsiya, qonunlar hamda Prezident himoyasida ekanini his etadi. Hayotdan ko‘ngli to‘lib, ruhi ko‘tarilib, yangi-yangi marralarga intiladi.

Shu jihatdan, mulkdor sud qarorisiz, o‘zining roziligisiz, adolatli tovon pulisiz, mulkidan mahrum etilmasligi kerak. O’z navbatida, davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish natijalari qayta ko‘rib chiqmaslik hamda bekor qilmaslik masalasini Konstitutsiyaviy qoida sifatida belgilash ayni muddaodir. Bu imkoniyatlar tadbirkorlikni jadal rivojlanishiga, yangi ish o‘rinlari yaratilishiga, har bir shaxsning qulay mehnat sharoitida ishlash, mehnati uchun munosib haq olish huquqini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Davlatimiz rahbari o‘z nuqtida iqtisodiyotimizni harakatga keltiruvchi asosiy kuch bo‘lgan tadbirkorlikning rivojlanishi yo‘lidagi barcha to‘siq va g‘ovlarni olib tashlash, shu maqsadda Konstitutsiyamizda mamlakatimizda tovarlar, xizmatlar, ishchi kuchi va moliyaviy mablag‘lar erkin harakatlanishi, ichki va tashqi savdo rivojlanishi uchun davlat barcha sharoitlarni yaratishi haqidagi normani mustahkamlash lozimligini ham bildirdi. Bu bejiz emas, albatta. Zero, bu – boshlagan islohotlar va davr talabidir.

Shuningdek, davlat xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay ishbilarmonlik va investitsiya muhitini hamda sharoitlarni ta’minlashi, erkin va halol raqobatning himoya qilinishi, iqtisodiy faoliyatda monopollashtirishga yo‘l qo‘yilmasligini kafolatlashi, Asosiy qonunimizda yer xususiy mulk bo‘lishi mumkinligi aniq belgilanishi lozimligi aytildiki, bularning barchasi tadbirkorlar va ishbilarmonlarning ayni dilidagi gap bo‘ldi.

Ushbu takliflarning amalga oshishi avvalo, yurtimizda inson qadrini yuksaltirishga qaratilgan islohotlarni, yangi O’zbekiston taraqqiyot strategiyasidagi ustuvor maqsadlarni amalga oshirish uchun mustahkam huquqiy zamin yaratadi. Eng muhimi, O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasi va uning ko‘p sonli a’zolarining, tadbirkorlar, ishbilarmonlar va fermerlarimizning huquq va manfaatlari to‘la kafolatlanishida asosiy rol o‘ynaydi.

Shu nuqtai nazardan, biz Prezidentimiz tomonidan bildirilgan barcha takliflarni to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz. Xususan, mol-mulk, uy-joy daxlsizligi masalasini Konstitutsiyada belgilash – partiyamiz a’zolari va elektorati manfaatlariga to‘la mos keladi. Mol-mulk daxlsizligi kafolatlanishi esa ishbilarmonlik va investitsiyaviy faollikni rag‘batlantiradi.

Ayniqsa, imorat buzilishga tushadigan bo‘lsa, oldin uning qiymatiga mos kompensatsiya to‘lash, sudning qarorisiz hech kimsa uy-joyidan mahrum etilmasligining Konstitutsiyada belgilanishi har bir inson uchun juda katta huquqiy kafolat bo‘ladi.

Bir so‘z bilan aytganda, bugun tadbirkorlikni rivojlantirishga to‘sqinlik qilish davlat siyosatiga to‘sqinlik qilish sifatida qaralmoqda. Bu tufayli aholining tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish xohish-istagi oshib, yildan-yilga tadbirkorlik sub’ektlarining soni ko‘paymoqda. Konstitutsiyamizda xususiy mulk daxlsizligi va himoyasi kafolatlarini kuchaytirishga doir normalarning belgilanishi shubhasiz, tadbirkorlarning erkin va samarali faoliyat yuritishiga hamda biznesning jadal rivojlanishiga xizmat qiladi.

Aktam HAITOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari,

O'zLiDeP fraksiyasi rahbari

  • Ko'rildi
    253
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+