“Ishbilarmon ayol”da yangi loyihalar taqdimoti

22.06.2022, 18:08

“Ishbilarmon ayol”da yangi loyihalar taqdimoti

O’zLiDeP Qiziltepa tuman Kengashi, tuman Oila va xotin-qizlar bo‘limi, Hunarmand uyushmasi, Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlikda “Ishbilarmon ayol” ko‘rik-tanlovining Qiziltepa tuman bosqichi yuqori kayfiyatda o‘tkazildi.

Tanlov ishtirokchilari bugungi kunda o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘ygan, endilikda ko‘p tarmoqli tadbirkorlik bilan shug‘ullanishni rejalashtirgan ishbilarmon xotin-qizlardan iborat bo‘ldi.

- 2016 yilda 20 sotix yerga issiqxona o‘rnatib, faoliyatimni boshladim. Dastlab 4 nafar, bugungi kunda esa 1 gektar issiqxonamda 28 nafar xotin-qizlarni doimiy ish bilan ta’minladim. Shulardan 15 nafari mahalla “Ayollar daftari”da turuvchi xotin-qizlardan iborat. Asli kasbim o‘qituvchi, tadbirkorlik faoliyatimni yuritish va kengaytirish maqsadida agrobiznes bo‘yicha malaka oshirdim. Issiqxonamda pomidor, bodiring, bulg‘or qalampiri, ko‘katlar yetishtiraman. Kelajakdagi rejalarimga kelsak, issiqxonam yonida tomat pastasi ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish arafasida turibman. Shuningdek, parrandachilikni tashkil etish bo‘yicha ham biznes rejalarim bor. Tumanimizda hunarmandchilik rivojlangan bo‘lib, hunarmandlar uchun Markaz yaratmoqchiman va oliy ta’limga kirolmagan yoshlarimizni, uyda o‘tirgan xotin-qizlarimizni tadbirkorlikka yo‘naltirish maqsadida o‘quv kurslari tashkil etishni oldimga maqsad qilib qo‘ydim, - deya o‘z loyihalari bilan tanishtirdi “Amirxon-Abbos chorbog‘i” MChJ rahbari Nargiza Sevarova.

Ko‘rik tanlov ishtirokchilari bo‘lgan tadbirkor xotin-qizlar N.Sevarova kabi amalga oshirish arafasida bo‘lgan g‘oyalari, rejalari taqdimotini o‘tkazishdi.

Tanlov natijalariga ko‘ra oilaviy hamda DXSh asosida 3 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti ochgan, “Yevro mustang” un ishlab chiqarish korxonasi rahbari Sarvinoz Raxmonova g‘olib deb topildi va tanlovning viloyat bosqichida ishtirok etish imkoniyatini qo‘lga kiritdi.

Sh.Shokirova

O’zLiDeP Navoiy viloyat Kengashi

bo‘lim mudiri

  • Ko'rildi
    374
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+