O’zLiDeP va O’zMTDP fraksiyalarining qo‘shma yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

23.06.2022, 11:17

O’zLiDeP va O’zMTDP fraksiyalarining  qo‘shma yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

2022 yil 23 iyun kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasi hamda O’zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyalarining qo‘shma yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan uchrashuvida ilgari surgan taklif va tashabbuslari, ularning mazmun-mohiyati shuningdek, Konstitutsiyaviy islohotlar jarayonining navbatdagi bosqichida O’zLiDeP hamda O’zMTDP fraksiyalarining o‘rni va roli haqida fikr almashdi.

Deputatlarning ta’kidlashicha, Konstitutsiyaviy islohotlar bugun shiddat bilan o‘zgarayotgan zamonning o‘zi oldimizga muhim talablarni qo‘ymoqda. Jahonda keskin transformatsiya jarayonlarini kuchayib borishi va eng asosiysi, mamlakatimizda insonning hayoti, erkinligi, qadr-qimmati, daxlsizligi, manfaatlari yuksak darajaga ko‘tarilganligi ham konstitutsiyaviy islohotlar o‘tkazish zaruratini keltirib chiqardi.

Fraksiya a’zolari Prezidentimizning Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan uchrashuvda ilgari surgan takliflari va tashabbuslarini to‘la ma’qulladilar. Shuningdek, Konstitutsiyaviy komissiyaning faoliyatini ijobiy baholadilar.

Yig‘ilishda bir guruh deputatlar tomonidan konstitutsiyaviy tashabbus orqali kiritilgan “O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi ham birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Qayd etilganidek, qonun loyihasida davlat qulay ishbilarmonlik va investitsiya muhitini, tadbirkorlikning rivojlanishi uchun shart-sharoitlarni ta’minlash, halol raqobat himoya qilinishini, iqtisodiy faoliyatda monopollashtirishga yo‘l qo‘yilmasligini kafolatlash, tadbirkorlar qonunchilikda taqiqlanmagan har qanday faoliyatni amalga oshirishga, o‘z faoliyatining yo‘nalishlarini mustaqil tanlashga, tadbirkorlikdan cheklanmagan miqdorda daromad olishga haqligi belgilab qo‘yilmoqda.

Shuningdek, yer ham xususiy mulk bo‘lishi mumkinligi, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan, o‘rmon fondi yerlari davlatga tegishliligi va u ijara shartnomalari asosida fuqarolarga ajratib berilishi, davlat budjetini ko‘rib chiqish va qabul qilish tartib-taomili jamiyat uchun ochiqligi, davlat fuqarolarning budjet jarayonida faol ishtirok etishi uchun zarur chora-tadbirlarni ko‘rishiga oid normalar o‘z ifodasini topgan.

O’zLiDeP fraksiyasi a’zolarining aytishicha, yer munosabatlarini Konstitutsiya darajasida mustahkamlab qo‘yilishi, ishbilarmonlik va investitsiyaviy faollikni rag‘batlantirib, xususiy sektorning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini hozirgi 67 foizdan 80 foizga yetkazishga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, ushbu qonun loyihasi maromiga yetkazib tayyorlangani, loyihani tayyorlash jarayonida partiya fraksiyasi a’zolarining ko‘pchiligi ishtirok etgani, partiya g‘oya va maqsadlaridan kelib chiqqan holda qator takliflar bergani aytib o‘tildi.

Qo‘shma yig‘ilishda Konstitutsiyaviy qonun loyihasiga kiritilayotgan qo‘shimcha va o‘zgartishlar atroflicha ko‘rib chiqilib, qonun loyihasi konseptual jihatdan birinchi o‘qishda qo‘llab-quvvatlandi.

  • Ko'rildi
    248
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+