O’zLiDeP faollari “Buxoro Fayz tekstil” korxonasi faoliyati bilan tanishdilar

23.06.2022, 16:13

O’zLiDeP faollari “Buxoro Fayz tekstil” korxonasi faoliyati bilan tanishdilar

Aholi bandligini ta’minlash, daromadga erishishning muhim vositasi sifatida G’ijduvon tumani "Abdulla Qahhor" MFY da faoliyat yuritgan sobiq poyabzal fabrikasi negizida mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi “Buxoro Fayz tekstil” korxonasi tashkil etilgan. Bu yerda paxta tolasini chuqur qayta ishlash orqali tayyor mahsulot, kiyim-kechak ishlab chiqarish rejalashtirilgan bo‘lib, loyiha ikki bosqichda amalga oshirilmoqda.

O’zLiDeP viloyat hamda G’ijduvon tuman Kengashlari mas’ullari, mahalliy Kengash deputatlari mazkur korxona faoliyati bilan yaqindan tanishish, korxona ishchi xizmatchilari o‘rtasida O’zLiDeP ning dasturiy maqsad va vazifalarini targ‘ib qilish maqsadida korxonaga tashrif buyurdilar.

Korxonaning 2018-2019 yillardagi faoliyatiga nazar tashlasak, umumiy qiymati  7,6 million AQSh dollariga teng, shundan bank imtiyozli tartibidagi kredit mablag‘i 4,6 million AQSh dollari o‘zlashtirilgan dastlabki bosqich — ip-kalava tayyorlash sexida yiliga 2 ming 800 tonna yigirilgan mahsulot ishlab chiqarilgan. E’tiborlisi, korxonada 130 nafardan ortiq kishi ish bilan ta’minlangan. Bunda ishlab chiqarilgan ip-kalavaning 80-85 foizi eksportga yo‘naltirilgan.

Jumladan, 2019 yilda 2 million AQSh dollari hajmidagi va joriy yilning shu kuniga qadar 1,2 million AQSh dollarilik mahsulot Xitoy davlatiga eksport qilingan. Shuningdek, bu yerda tayyor mahsulot ishlab chiqarishini yo‘lga qo‘yish, zamonaviy andozadagi raqobatbardosh mahsulot tayyorlash maqsadida ayni kunda Germaniya va Turkiya davlatlaridan zarur yuqori unumli texnologiya va uskunalar keltirib o‘rnatilgan.

- 2022 yil oxiriga qadar faoliyatimizni kengaytirib yana bir yangi  loyihani yo‘lga qo‘ymoqchimiz, - deydi MChJ rahbari, xalq deputatlari tuman Kengashi deputati  Farrux To‘xtayev. 3 mln 400 ming yevro miqdoridagi kredit asosida tashkil etiladigan mazkur loyiha ishga tushganda yana qo‘shimcha ravishda 120 nafar yangi ish o‘rni yaratiladi. U yerda ishlab chiqariladigan xom bo‘z mahsuloti bilan ham ichki bozorni ta’minlab, ham eksportga yo‘naltirish mo‘ljallanmoqda.

O’rganish davomida O’zLiDeP viloyat, tuman Kengashi mas’ullari, mahalliy Kengash deputatlari tomonidan korxona ishchi xodimlari uchun yaratilgan shart sharoitlar ko‘zdan kechirildi. Ular bilan o‘tkazilgan davra suhbatida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati va ahamiyati targ‘ib qilindi. Xususan, joriy yilning 20 iyun kuni Prezidentimiz Sh.Mirziyov tomonidan Konstitutsion komissiya a’zolari bilan bo‘lgan uchrashuvi chog‘ida qilgan ma’ruzasi, unda ko‘rsatib o‘tilgan asosiy yo‘nalishlar va vazifalar xususida batafsil to‘xtalib o‘tildi. Shuningdek, O’zLiDeP  va uning  kelgusidagi maqsad va vazifalari, istiqbolli loyihalari, ayniqsa yoshlar va ayollar tadbirkorligini rivojlantirishga qaratilgan partiyaviy ishlanmalar ahamiyati va ularning hududlardagi ijrosi yuzasidan atroflicha fikr almashildi.

Shu kuni partiya safiga yangi qabul qilingan korxona ishchi xodimlari a’zolik guvohnomalarni qabul qilib oldilar.

  • Ko'rildi
    707
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+