O’zbek va Ozarbayjon xalqlari do‘stligini mustahkamlash yo‘lida yana bir ulkan qadam tashlandi

24.06.2022, 16:03

O’zbek va Ozarbayjon xalqlari do‘stligini mustahkamlash yo‘lida yana bir ulkan qadam tashlandi

O’zbek va Ozarbayjon xalqlari o‘rtasidagi azaliy do‘stlik rishtalari uzoq tarixga va ma’naviy asosga ega. Bu qardoshlik rishtalari Ahmad Farg‘oniy va Abu Rayhon Beruniy asarlarida yorqin bo‘yoqlarda aks ettirilgan. Sharqshunoslik institutlarimiz fondlarida esa Nizomiy, Xaqoniy, Tusiy, Fuzuliy, Xatoiy va boshqa ko‘plab Ozarbayjon shoir va fozilu fuzolalarining noyob asarlari saqlanmoqda va undan xalqimiz bahramand bo‘lmoqda.

Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning O’zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev taklifi bilan yurtimizga rasmiy tashrifi esa bu mustahkam aloqalarni yanada yuksaltirishga xizmat qiladi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev alohida ta’kidlaganidek, uchrashuvlarda ikki tomonlama kun tartibidagi masalalar batafsil muhokama qilindi. Muzokaralar hamkorligimizni xalqlarimiz manfaatlari yo‘lida bundan buyon ham har tomonlama mustahkamlashga tayyorligimizni ko‘rsatdi. Salmoqli hujjatlar to‘plami imzolandi. Ikki tomonlama munosabatlarda yangi bosqichni boshlab beradigan Strategik sheriklikni chuqurlashtirish va har tomonlama hamkorlikni kengaytirish to‘g‘risida deklaratsiyaga imzo chekildi.

Ayniqsa, savdo va sanoat kooperatsiyasini kengaytirish hamkorlikning eng muhim ustuvor yo‘nalishi sifatida e’tirof etildi. Bu borada keyingi yillarda tovar ayirboshlash hajmi ancha ko‘payib, qo‘shma korxona va loyihalar soni 4 barobar oshgani qayd etildi.

Tomonlar hamkorlikni tubdan faollashtirish uchun keng imkoniyatlar borligi, eng avvalo, iqtisodiyotlarimizning bir-birini to‘ldirib turishiga ishonch bildirishgani nur ustiga nur bo‘ldi. Masalan, Ozarbayjonning Hojiqabul shahrida avtomobil ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgani, ipakchilik sohasidagi hamkorlik rivojlanib bormoqda. Tabiiy boyliklarni qazib chiqarish, neft-kimyo, farmatsevtika, qurilish materiallari, tayyor to‘qimachilik mahsulotlari, oziq-ovqat, zargarlik buyumlarni ishlab chiqarish, vinochilikda o‘nlab yangi loyihalar bunga aniq misol bo‘la oladi.

Bugun yuklarni, shu jumladan “Boku – Tbilisi – Qars” temir yo‘li orqali tashish hajmi ortib borayotganini ikki davlat rahbarlari olqishladilar. Tomonlar yangi yo‘laklarni tashkil etish, multimodal tashishlarni ko‘paytirish, transport korxonalari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha yangi loyihalar ishlab chiqishga qaror qilishdi.

Yana bir masala, madaniy-gumanitar sohada ham azaldan mamlakatlarimiz va xalqlarimiz yaqindan hamkorlik qilib kelmoqda. Bu borada kelgusida madaniyat va kino kunlarini o‘tkazish, gumanitar va turizm almashinuviga doir dasturlarini rivojlantirish masalalarida ham kelishuvga erishildi.

Ikki qardosh xalq rahbarlarining samimiy uchrashuvi va bu uchrashuvlarda mamlakatlarni taraqqiy ettirish yo‘lida istiqbolli loyihalar borasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yilgani yurtimizdagi barcha xalqlarni mamnun etmoqda.

Albatta, biz deputatlar ham o‘zbek va Ozarbayjon xalqlarining azaliy va tarixiy do‘stligi ikki davlat rahbarlari tomonidan yanada mustahkamlanayotganini qo‘llab-quvvatlaymiz. Chunki, Ozarbayjon biz uchun nafaqat iqtisodiy hamkor davlat, balki ma’naviy, ma’rifiy va madaniy aloqalarni mustahkamlash, tili, dini, dunyoqarashi, fe’l-atvori o‘xshash xalq sifatida yaqin maslakdoshdir. Zotan, buyuk bobokalonlarimiz boshlagan qadimiy do‘stlik rishtalarining bugun yangicha mazmunda mustahkamlanayotganini tabriklash kerak.

Dilbar USMONOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining

xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar

qo‘mitasi a’zosi.

  • Ko'rildi
    251
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+