Shahrisabz tibbiyot birlashmasidagi muloqot: aholi sog‘ligini asrash borasida mukammal huquqiy asos yaratilyapti

27.06.2022, 18:22

Shahrisabz tibbiyot birlashmasidagi muloqot: aholi sog‘ligini asrash borasida mukammal huquqiy asos yaratilyapti

Mamlakatimizda Konstitutsiyani isloh etish  jarayoni qizg‘in pallaga kirdi. Shu kunlarda “O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy qonuni loyihasining umumxalq muhokamasi o‘tkazilmoqda. O’zLiDeP bu sa’y-harakatlarda faol qatnashyapti.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari, O'zLiDeP fraksiyasi rahbari, partiya Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Xaitov ishtirokidagi navbatdagi tadbir Shahrisabz tumani tibbiyot birlashmasida bo‘lib o‘tdi. “Konstitutsiyaviy islohotlardan ko‘zlangan maqsad – xalqparvar davlat barpo etish” mavzuidagi davra suhbatida  deputatlar, BPT yetakchilari, shifokorlar, mahallalar faollari, yoshlar qatnashdi. 

Tadbirda mazkur qonun loyihasining mazmun-mohiyati va xalqimiz hayotidagi ahamiyati xususida atroflicha so‘z yuritildi.  Uning qabul qilinishi har bir inson uchun muhimligi  qayd etildi.

Partiya lideri yig‘ilganlar e’tiborini, jumladan, qonun loyihasining 40-moddasiga ham qaratdi. Amaldagi Konstitutsiyada birgina qisqa jumladan iborat norma tahrir qilinib, mazmunan kengaytirilyapti, mukammallashtirilyapti: “Har kim sog‘lig‘ini muhofaza qilish va malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga ega.

O’zbekiston Respublikasi fuqarolari qonunda belgilangan hajmda kafolatlangan bepul tibbiy yordam olishga hamda tez va shoshilinch tibbiy yordamni ham o‘z ichiga oladigan kafolatlangan bepul tibbiy yordam olishga haqli”.

A.Xaitov mazkur qo‘shimcha va o‘zgartishlarga izoh berar ekan, Prezidentimizning 2022 yil 20 iyunda Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan uchrashuvdagi nutqida ana shu moddani kengaytirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llaniluvchi normalar bilan boyitish yuzasidan taklif va tavsiyalar berganini ta’kidladi. Shu bilan birga yangi tahrirdagi norma Yangi O’zbekiston taraqqiyot strategiyasida belgilangan tegishli  maqsadlarida vazifalarni konstitutsiyaviy darajada kafolatlash imkonini berishini, shuningdek, xalqaro me’yoriy hujjatlarga mosligini alohida qayd etdi.  Mazkur norma ijtimoiy davlatning inson huquqlarini ta’minlashdagi muhim huquqiy kafolati,  “Inson qadri uchun” g‘oyasining to‘la ro‘yobga chiqishi uchun xizmat qilishini  aytib  o‘tdi.

So‘zga chiqqanlar yangi normalarning kiritilishi xalqparvar davlat barpo etilishida asosiy omil bo‘lishi to‘g‘risida so‘z yuritdilar. 

Muloqot ishtirokchilari konstitutsiyaviy qonun loyihasini qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildilar.

  • Ko'rildi
    380
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+