O’zbekiston global taraqqiyot borasida amaliy sheriklikni rivojlantirishda tashabbuskor

28.06.2022, 10:19

O’zbekiston global taraqqiyot borasida amaliy sheriklikni rivojlantirishda tashabbuskor

Tahlikali dunyoda yashayapmiz. Hamma mamlakatlarda ham barkaqror iqtisodiy taraqqiyotni ta’minlash imkoniyati yo‘q. Qolaversa, siyosiy qarama-qarshilik, urushlar, global inqiroz va pandemiya kabi holatlar barqaror rivojlanishda ko‘plab muammolarni yuzaga keltirmoqda. Bu muammolarni faqat hamkorlik, o‘zaro hamjihatlik va iqtisodiy sheriklik asosida yengib o‘tish mumkin. Shu ma’noda O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning taklifiga binoan “BRIKS plyus” formatidagi Global taraqqiyot masalalari bo‘yicha yuqori darajadagi muloqotda ishtirok etishining ahamiyati nihoyatda katta.

Xitoy tomoni raisligida o‘tgan onlayn forumda dunyoning 18 mamlakatidan davlat va hukumat rahbarlari qatnashdi. Unda xavfsizlik va barqarorlik borasidagi ko‘p tomonlama hamkorlik, savdo va investitsiyalar, “yashil” iqtisodiyot, yuqori texnologiyalar va innovatsiyalar, raqamlashtirish, transport va logistika, ekologiya, gumanitar sohalarda amaliy sheriklikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

O’zbekiston Prezidenti o‘z nutqida “BRIKS plyus” formatidagi muloqotning Barqaror rivojlanish kun tartibini ilgari surishda inklyuziv sheriklik uchun zarur platforma sifatida alohida ahamiyatga ega ekanini ta’kidlab o‘tdi. Ishtirokchilarning e’tibori “Inson manfaatlari – hamma narsadan ustun” degan tamoyil asosida islohotlarni amalga oshirishni izchil davom ettirayotgan Yangi O’zbekiston bunday sharoitda keng ko‘lamli hamkorlik va  sheriklik uchun ochiq ekaniga qaratildi.

O’zbekiston Prezidenti transport-kommunikatsiyalar sohasidagi bog‘liqlikni kuchaytirish hamda “Shimol – Janub” va “G’arb – Sharq” transkontinental yo‘nalishlariga mintaqamizni jalb etish tashabbusini ilgari surdi. Kambag‘allikni qisqartirish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash sohasida dasturlarni amalga oshirish, iqlim o‘zgarishlari va inson salohiyatini rivojlantirish bo‘yicha ko‘p tomonlama hamkorlikni faollashtirish sheriklikning muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida ko‘rsatib o‘tildi. Mamlakatimiz Universitetlar ligasi va Tarmoqli universitet kabi BRIKS dasturlarida ishtirok etishdan, shuningdek, professional ta’lim va yoshlarga doir siyosat sohasida hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor ekani ta’kidlandi.

O’zbekiston tomoni Shanxay hamkorlik tashkiloti raisi sifatida BRIKS va ShHTning o‘zaro amaliy hamkorlik mexanizmlarini ishlab chiqishni ham taklif etdi.

Umuman olganda, Prezidentimiz rahnomaligida O’zbekiston bilan dunyodagi ko‘plab mamlakatlar o‘rtasida do‘stona hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani va bu borada yangi-yangi loyihalar ustida ish olib borilayotgani  mamlakatimiz iqtisodiy barqarorligini ta’minlashda muhim omil bo‘lib xizmat qilishiga shak-shubha yo‘q. Binobarin, Yangi O’zbekistonning barqaror istiqbolini yaratishda dunyo davlatlari bilan keng ko‘lamli hamkorlikning ahamiyati nihoyatda katta.

Hazraqul Xo‘jamqulov,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    343
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+