Konstitutsiyaviy qonun loyihasiga takliflar berildi

29.06.2022, 17:15

Konstitutsiyaviy qonun loyihasiga takliflar berildi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Erkin Salixovning hududdagi uchrashuvlari, muloqotlari savol-javoblar va takliflarga boy bo‘lmoqda. Mazkur jarayonda deputat aholiga Konstitutsiyaviy qonun loyihasining mazmun-mohiyatini yetkazishga alohida e’tibor bermoqda.

E. Salixov Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasi xodimlari bilan uchrashib, “O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi haqida batafsil ma’lumot berdi.

Ta’kidlanganidek, Konstitutsiyaviy qonun loyihasi Konstitutsiyamizning 64 ta moddasiga 200dan ortiq tuzatishlarni nazarda tutmokda. Konstitutsiyaga o‘zgartishlar “inson-jamiyat-davlat” prinsipiga asoslangan bo‘lib, milliy konstitutsiyaviy o‘zlikni aks ettiradi va amaldagi Konstitutsiyamizning barcha bo‘limlariga tub o‘zgartishlar kiritiladi.

Shuningdek, Konstitutsiyaviy tuzatishlar, avvalambor, jamiyatning turli ijtimoiy qatlamlariga mansub bo‘lgan fuqarolarning shaxsiy, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, madaniy va ekologik huquqlari hamda manfaatlarini ta’minlashga, himoya qilishga qaratilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlaydigan normalarga aylanadi.

Muloqotlar chog‘ida deputat davlatimiz rahbari tomonidan Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan uchrashuvda e’tibor qaratilgan to‘rtta ustuvor yo‘nalishning mazmun-mohiyatiga batafsil to‘xtalib, ular bo‘yicha ham o‘z fikr-mulohazalarini bayon etdi.

Tadbirda ishtirokchilar kun tartibidagi masala yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollariga atroflicha javoblar olishdi va loyihani takomillashtirish bo‘yicha takliflar berishdi.

Mana shunday uchrashuvlarning biri Samarqand shahridagi Markaziy harbiy okrugda ham bo‘lib o‘tdi.

 Hasan G’afurov,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatining yordamchisi

  • Ko'rildi
    369
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+