Fuqarolarning huquqlarini himoya qilish, unga homiylik qilish har qanday suveren davlatning asosiy majburiyatlaridan biri hisoblanadi

29.06.2022, 17:25

Fuqarolarning huquqlarini himoya qilish, unga homiylik qilish har qanday suveren davlatning asosiy majburiyatlaridan biri hisoblanadi

Buxoro tuman hokimligi binosida “O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonun loyihasining muhokamasiga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi.

Tadbirda Oliy Majlis Senati a’zosi Qobul Tursunov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Emma Aslonova, tuman hokimi Xayrillo Jo‘rayev, tegishli tashkilotlar va muassasalar rahbarlari hamda jamoat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.

Tadbirda so‘zga chiqqan deputat Emma Aslanova Konstitutsiyaviy qonun loyihasi yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

- O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev tomonidan 2022 yil 20 iyundagi Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan uchrashuvidagi ma’ruzada “insonning qadr-qimmati, sha’ni va g‘ururi bundan buyon barcha sohalarda birinchi o‘rinda turishi kerak” deb ta’kidlab, inson huquq va manfaatlarini ta’minlash borasida muhim yo‘nalish belgilab berildi, - deydi deputat o‘z so‘zida. - Ta’kidlash joziki, qayerda bo‘lishidan qat’iy nazar o‘z fuqarosining huquqlarini himoya qilish, unga homiylik qilish har qanday suveren davlatning asosiy majburiyatlaridan biri hisoblanadi. Mazkur yangi norma har bir fuqaroni konstitutsiyada belgilangan erkinlik va shaxsiy daxlsizlik, O’zbekiston Respublikasiga kelish va undan chiqib ketish huquqlarini ta’minlashga xizmat qiladi hamda davlat tomonidan kafolatlangan himoya qilish huquqini ham o‘z ichiga oladi. Shu nuqtai nazardan, ushbu norma 22-modda birinchi qismining o‘ziga xos mantiqiy davomi hisoblanib, uni mazmunan to‘ldirmoqda.

Shuningdek, bo‘lib o‘tgan davra suhbatida so‘z olganlar tadbir ishtirokchilariga  “O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasidagi har bir bob va moddaga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar haqida batafsil tushuntirish berib o‘tdilar.

  • Ko'rildi
    276
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+