Bo‘sh turgan binolarga nisbatan yuqori soliq stavkasini belgilash bekor qilindi

29.06.2022, 17:56

Bo‘sh turgan binolarga nisbatan yuqori soliq  stavkasini belgilash bekor qilindi

Soliq tizimida islohotlarni amalga oshirmay turib ertangi kunimizni, farovon jamiyat qurishni tasavvur qilish mushkul. Shu bois, keyingi yillarda mamlakatimiz soliq ma’muriyatchiligi tubdan isloh qilinmoqda.

Maqsad aniq, soliqlar yukini kamaytirib, odamlar daromadini oshirish, pirovardida ishlab chiqarishni rivojlantirish va iqtisodiyotning barqarorligini ta’minlashdan iborat. Boisi, soliq qancha kam bo‘lsa, tadbirkorlar emin-erkin, samarali faoliyat yuritadi, halol mehnat qilib, yangi ish o‘rinlari yaratadi. Ish o‘rni bor joyda farovonlik bo‘ladi.

Taraqqiyot strategiyasida bu boradagi islohotlarni davom ettirib, soliq ma’muriyatchiligini soddalashtirish vazifalari belgilangan. Xususan, 2026 yilga borib tadbirkorlik sub’ektlariga soliq yuklamasini yalpi ichki mahsulotning 27,5 foizidan 25 foizi darajasiga kamaytirish maqsad qilingan.

Prezidentimizning joriy yil 28 iyundagi “Soliq ma’muriyatchiligini isloh qilish davrida biznes uchun qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni milliy iqtisodiyotimizni yanada rivojlantirish, qulay ishbilarmonlik muhitini yaratishga xizmat qilishi shubhasiz.

 Farmonga muvofiq, joriy yil 1 iyuldan  bo‘sh turgan binolar, foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlari, yashash uchun mo‘ljallanmagan inshootlar, shuningdek, tugallanmagan qurilish ob’ektlariga hamda ushbu ob’ektlar bilan band bo‘lgan yer uchastkalariga nisbatan mol-mulk va yer soliqlarining oshirilgan stavkalarini qo‘llash, soliq imtiyozlari va preferensiyalarning amal qilishini to‘xtatish tartibi bekor qilindi.

2023 yil 1 martga qadar hisobvaraq-fakturalarda yoki nazorat-kassa texnikasi cheklarida olingan tovarlar (xizmatlar) nomenklaturasiga yoxud faoliyatning o‘ziga xos xususiyatlariga va amalga oshiriladigan turlariga muvofiq bo‘lmagan identifikatsiya kodlarini aks ettirganlik uchun moliyaviy jarima solinmaydi.

Eng muhimi, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar tomonidan asosiy vositalar, nomoddiy aktivlar va tovar-moddiy resurslarni hisobga olish hamda o‘z ustav fondini shakllantirish va kamaytirish bilan bog‘liq barcha operatsiyalarni soliq organlarining “Ye-aktiv” axborot tizimida aks ettirish ixtiyoriy hisoblanadi.

Farmonda belgilab qo‘yilganidek, joriy yil 1 iyuldan boshlab majburiy ravishda qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi sifatida e’tirof etiladigan tadbirkorlik sub’ektlariga qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha maxsus ro‘yxatdan o‘tkazilgani to‘g‘risida guvohnoma  soliq xavfi darajasiga aniqlik kiritilmasdan turib avtomatik ravishda beriladi.

Mazkur hujjatda nazarda tutilgan ustuvor vazifalar soliq qonunchiligi talablarini yengillashtirish hamda soliq ma’muriyatchiligining yangi vositalarini samarali joriy etish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish orqali tadbirkorlik sub’ektlarining soliq yukini kamaytirish va biznes yuritishni soddalashtirishga xizmat qiladi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Bunday imtiyoz va imkoniyatlar  tadbirkorlikni rivojlantirish, xalqimiz farovonligini yanada yuksaltirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.   

Shu nuqtai nazardan, biz xalq vakillari soliq tizimida ro‘y berayotgan o‘zgarishlarni tadbirkorlarga sodda va xalqchil tilda tushuntirishda, ayniqsa, ushbu hujjatning mazmun-mohiyatini aholi orasiga keng targ‘ib qilish, ijrosini o‘z vaqtida ta’minlashda faol bo‘lishimiz kerak.

Botirbek TO’RAZODA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

  • Ko'rildi
    219
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+