Yangi O’zbekistonga yangi konstitutsiya kerak!

30.06.2022, 16:46

Yangi O’zbekistonga yangi konstitutsiya kerak!

Poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Toshkent davlat madaniyat va san’at institutida “O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan muloqot bo‘lib o‘tdi. Talabalar, o‘qituvchilar, deputatlar,  mahallalar faollari, turli sohalar vakillari qatnashgan tadbir o‘zaro fikr almashinuvlar, savol-javoblar tarzida kechgani e’tiborga molik.  

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O’zLiDeP fraksiyasi a’zosi Dilorom Fayziyeva, O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi apparati rahbari Jamoliddin Meliboyev o‘z chiqishlarida konstitutsiyaviy islohotlar zarurati, Asosiy qonunimizga kiritilayotgan o‘zgarishlarning mazmun-mohiyati, partiyaning mazkur jarayonlardagi ishtiroki xususida atroflicha so‘z yuritdilar.

Ta’kidlanganidek, mamlakatimiz taraqqiyotining hozirgi bosqichida ilgari surilayotgan mohiyatan mutlaqo yangi darajadagi vazifalar, Yangi O’zbekiston taraqqiyot strategiyasida o‘z aksini topgan keng ko‘lamli maqsadlar ularga mos konstitutsiyaviy-huquqiy makonni yaratishni zarurat qilib qo‘yyapti. Xalqimiz uchun yangi hayotiy marralarni o‘zida aks ettirgan, takomillashgan  konstitutsiyani qabul qilish islohotlarning taqdirini hal qiluvchi muhim vazifadir.

Bosh qonunimizga taklif etilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar “inson – jamiyat – davlat” prinsipiga asoslangan bo‘lib, milliy konstitutsiyaviy o‘zlikni aks ettiradi. Konstitutsiyaning oltmishdan ortiq moddasiga 200 dan ortiq o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda. Unda inson qadrini ulug‘lash, aholi farovonligini ta’minlash, iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish kabi ko‘plab normalar belgilanmoqda.  

 O’zLiDeP bu jarayonda g‘oyat faol qatnashib, maxsus tadbirlar tashkil qilgani,  Konstitutsiyaviy komissiyaga 3 mingga yaqin aniq, asosli takliflar taqdim qilgani ham qayd etildi.    

So‘zga chiqqan ishtirokchilar, shuningdek, keyingi yillarda mamlakatimiz hayoti, taqdiriga daxldor muhim masalalarning barchasi xalq bilan bamaslahat, ochiq-oshkora muhokama qilinayotgani,  xususan, Konstitutsiya isloh qilinishida ham xalq fikriga tayanilayotgani, bildirilgan har bir taklif, mulohaza inobatga olinayotganini minnatdorlik bilan tilga oldilar.

Muloqot ishtirokchilari konstitutsiyaviy qonun loyihasini qo‘llab-quvvatladilar.

  • Ko'rildi
    510
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+