Davlat byujetini ko‘rib chiqish va qabul qilish tartib-taomili ochiq bo‘ladi

05.07.2022, 10:03

Davlat byujetini ko‘rib chiqish va qabul qilish tartib-taomili ochiq bo‘ladi

O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi xalqimiz siyosiy-huquqiy tafakkurining yuksak namunasi bo‘lib, u hech kimga qaram bo‘lmasdan, erkin va ozod, tinch va osoyishta, farovon yashashning qonuniy kafolati bo‘lib kelmoqda.

O’tgan davrda Asosiy qonunimiz asosida mamlakatimizda milliy qonunchilik tizimi, davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari shakllandi. Ammo bugun mamlakatimizda olib borilayotgan izchil islohotlar O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini jamiyatdagi bugungi real voqelikka moslashtirishni taqozo etmoqda.

Shundan kelib chiqib, “O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi tayyorlandi va ayni paytda aholi orasida qizg‘in muhokama qilinib, ko‘plab takliflar olinmoqda.

Har jihatdan mukammal, yuz berayotgan yangilanishlarga mos ravishda ishlab chiqilgan Konstitutsiyaviy qonun loyihasi Bosh qomusimizning 64 ta moddasiga 200 dan ortiq o‘zgartirishlar kiritishni nazarda tutadi.

Ularning aksariyati mazmun-mohiyatiga ko‘ra, “inson – jamiyat – davlat”, “Yangi O’zbekiston – ijtimoiy davlat” degan tamoyillarni konstitutsiyaviy qoida sifatida muhrlashga, xalqparvar davlat barpo etishga, inson huquqlarining himoyasi va ijtimoiy muhofazasini kuchaytirishga qaratilgani e’tiborga molik.

Ta’kidlash joizki, xususiy mulkni har qanday tajovuz va tahdidlardan saqlash, bu boradagi sud amaliyotini yanada takomillashtirish eng dolzarb vazifalardan hisoblanadi. Bu borada qonun loyihasida fuqarolarning iqtisodiy huquqlarini, xususiy mulkchilikni, iqtisodiy faoliyatning erkinligini himoya qilishga oid normalar nazarda tutilayotgani eng to‘g‘ri yo‘l, deb hisoblayman.

Ayniqsa, davlat qulay ishbilarmonlik va investitsiya muhitini, tadbirkorlikning rivojlanishi uchun shart-sharoitlarni ta’minlash, halol raqobat himoya qilinishini, iqtisodiy faoliyatda monopollashtirishga yo‘l qo‘yilmasligini kafolatlash, davlat tovarlar, xizmatlar, ishchi kuchi va moliyaviy resurslar erkin harakatlanishi, ichki va tashqi savdo rivojlanishi uchun barcha shart-sharoitlarni yaratib berishi mustahkamlanayotgani soha taraqqiyotiga qaratilgan muhim qadamdir.

Tadbirkorlar qonunchilikda taqiqlanmagan har qanday faoliyatni amalga oshirishga, o‘z faoliyatining yo‘nalishlarini mustaqil tanlashga, tadbirkorlikdan cheklanmagan miqdorda daromad olishga haqli ekanligi belgilanayotgani esa yana bir muhim yangiliklardan biridir. Bu o‘z navbatida, tadbirkorlarni erkin va samarali faoliyat yuritishiga, biznes muhitini yaxshilashga, aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish orqali yoshlar bandligini ta’minlashga xizmat qilishi shubhasiz.

Hozirgi shiddatli davrda davlat byujeti to‘g‘risidagi ma’lumotlarning ochiq va shaffof bo‘lishi g‘oyat muhim. Ushbu qonun loyihasida davlat byujetini ko‘rib chiqish va qabul qilish tartib-taomili jamiyat uchun ochiqligi, davlat fuqarolarning byujet jarayonida faol ishtirok etishi uchun zarur chora-tadbirlarni ko‘rishi belgilanayotgani ayni muddaodir.

Bular hali hammasi emas. Fuqaro va davlatning o‘zaro huquqlar va o‘zaro javobgarlik bilan bog‘liqligi sezilarli darajada kuchaytirilishi, qonuniy asoslarda O’zbekiston Respublikasi hududida bo‘lib turgan har bir shaxs respublika hududi bo‘ylab erkin harakatlanish, turish va yashash joyini tanlash huquqiga egaligi belgilab qo‘yilayotgani yurtdoshlarimizda katta qiziqish o‘yg‘otdi.

Har kim respublika hududidan tashqariga chiqish, O’zbekiston Respublikasi fuqarolari O’zbekistonga moneliksiz qaytib kelish huquqiga egaligi, O’zbekiston fuqarosini mamlakatdan chiqarib yuborishga yoki boshqa davlatga topshirishga yo‘l qo‘yilmasligi nazarda tutilayotgani mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan ishlar kelgusida izchil davom ettirilishiga ishoradir.

Bir so‘z bilan aytganda, konstitutsiya, bu, eng avvalo, muayyan zaminda dunyoga kelgan insonlarning munosib yashash huquqi, degani. Shu nuqtai nazardan, barcha yurtdoshlarimizdan qonun loyihasi muhokamasiga o‘z fikr va takliflari bilan faol ishtirok etishlarini so‘rab qolaman. Zotan, Bosh qomusimizga kiritiladigan o‘zgartish va qo‘shimchalar yurtimizning yanada jadal rivojlanishiga, xalqimizning orzu-istaklarini ro‘yobga chiqarishga xizmat qiladi.

Vahobjon MURODQOBILOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

  • Ko'rildi
    321
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+