Konstitutsiyaviy islohotlar xalqimiz tomonidan yakdillik bilan qo‘llab-quvvatlanmoqda

05.07.2022, 14:51

Konstitutsiyaviy islohotlar xalqimiz tomonidan yakdillik bilan qo‘llab-quvvatlanmoqda

Navbatdagi ochiq muhokamalardan biri O’zLiDeP Olmaliq shahar Kengashi tashabbusi bilan “Metallurg” madaniyat saroyida o‘tkazildi.
Unda O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Atxam Nazirqulov, O’zLiDeP Toshkent viloyat Kengashi raisi To‘lqinjon Fayziyev, xalq deputatlari shahar Kengashidagi partiya deputatlik guruhi a’zolari, BPT lar raislari, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati ishchi-xodimlari, shahar hududidagi mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari, korxona-tashkilotlar vakillari ishtirok etishdi.

Qizg‘in muhokama ruhida o‘tgan tadbirni O’zLiDeP Toshkent viloyat Kengashi raisi To‘lqinjon Fayziyev olib borarkan, mamlakat Konstitutsiyasi g‘oya va normalarida xalqimizning ko‘p asrlik tajriba va ma’naviy qadriyatlari, boy tarixiy-huquqiy merosi aks ettirilgani uning naqadar hayotiyligidan dalolat berishini ta’kidladi.

“O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy qonun loyihasining umumxalq muhokamasiga kiritilgani Asosiy qomusimizni takomillashtirish yo‘lidagi yana bir muhim huquqiy qadam ekanini qayd etdi.

Tadbirda so‘z olgan O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Atxam Nazirqulov mamlakat Konstitutsiyasiga kiritilayotgan ayrim o‘zgartish va qo‘shimchalar haqida to‘xtaldi.
Xususan, 13-moddaga “inson qadri uchun” g‘oyasi kiritilayotganini alohida e’tirof etib, uni batafsil sharhlab berdi.
Ushbu qo‘shimcha “Inson qadri uchun” degan ustuvor tamoyilni to‘la ro‘yobga chiqarish maqsadida ishlab chiqilganini alohida ta’kidladi.

Mamlakatimizda inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash masalasi xalqimiz uchun farovon va munosib turmush sharoitini yaratib berishga qaratilgan demokratik islohotlarning bosh mezoniga aylanib borayotganini qayd etdi.

Shuningdek, tadbirda unga yig‘ilganlarning ham fikr-mulohazalari, takliflari tinglandi. Ular tomonidan berilgan savollarga batafsil javoblar berildi.
Ochiq muloqot tarzida kechgan tadbirda yig‘ilganlarga barcha joylarda aholi bilan bo‘layotgan suhbatlarda olinayotgan barcha taklif va mulohazalar birma-bir o‘rganilishi, mamlakat rivoji, unda inson qadrining yuksalishi uchun asos bo‘ladigan tashabbuslarni ishlab chiqish masalasiga mas’uliyat bilan tizimli yondashilayotgani haqida uqtirildi.

Zuxro Mirzohamdamova,

O’zLiDeP Toshkent viloyat Kengashi bo‘lim mudiri

  • Ko'rildi
    332
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+