Konstitutsiyaviy islohotlarga doir qonun loyihasi muhokamasida jizzaxlik yoshlar ham faol ishtirok etmoqdalar

05.07.2022, 15:47

Konstitutsiyaviy islohotlarga doir qonun loyihasi muhokamasida  jizzaxlik yoshlar  ham faol ishtirok etmoqdalar

“O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi jizzaxlik yoshlar tomonidan ham qizg‘in muhokama qilinmoqda.

O’zLiDeP Jizzax viloyat Kengashi Yoshlar va biznes tuzilmalari bilan ishlash bo‘limi tashabbusi bilan viloyatdagi yirik korxonalarda, mahallalarda tashkil etilayotgan tadbirlarda mahalliy Kengash deputatlari, partiya faollari , yoshlar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishmoqda.

- Konstitutsiyaviy islohotlarga doir qonun loyihasi muhokamasida yoshlarimiz ayniqsa faol ishtirok etmoqda, - deydi O’zLiDeP Jizzax viloyat Kengashi “Yoshlar qanoti” guruhi rahbari Xolbek Asatov. – Chunki, Yangi O’zbekistonning Yangi Konstitutsiyasi – nafaqat bugunimiz, balki baxtli  kelajagimizning ham tamal toshi ekanligini barcha yoshlarimiz yaxshi anglab turishibdi.

Bo‘lib o‘tayotgan uchrashuvlarda joriy yil 20 iyun kuni davlatimiz  rahbari tomonidan Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan uchrashuvda e’tibor qaratilgan to‘rtta ustuvor yo‘nalishning mazmun-mohiyati hamda Konstitutsiyaviy qonun loyihasiga kiritilayotgan qo‘shimcha va o‘zgartishlarga alohida e’tibor qaratilmoqda. E’tiborga molik tomoni, har bir tadbirda yoshlar tomonidan ko‘plab asosli takliflar bildirilmoqda.

-Konstitutsiyaviy islohotlarga doir qonun loyihasi muhokamasida talabalar tomonidan ayniqsa ko‘p taklif bildirilmoqda, -deydi O’zLiDeP faoli, JDPI talabasi Elbek Raimqulov. - Biz bo‘lajak pedagoglarmiz. Shu sabab, mening taklifim ham sohaga taaluqli. Konstitutsiyada pedagog xodimlarning kasbiy faoliyatiga aralashishga yo‘l qo‘yilmasligini aks ettirish kerak.

- Men Jizzax politexnika institutida tahsil olaman, - deydi yana bir O’zLiDeP faoli Qodiriy Qoplonbek Safarov. – Bir necha ixtirolar egasiman. Men, har bir shaxsning qonun bilan qo‘riqlanadigan intellektual mulk huquqiga egaligini konstitutsiyaviy mustahkamlab qo‘yishni taklif qilaman.

Yoshlar tomonidan har bir tadbirda  bunday  asosli takliflar bildirilayotgani yoshlarimiz jamiyatimizda kechayotgan o‘zgarishlarning, yangilanishlarning eng faol a’zolari ekanligidan dalolatdir.

Shuningdek, Davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan konstitutsiyaviy islohotlar jarayoniga doir ustivor yo‘nalishlar, qonun loyihasiga kiritilishi taklif qilinayotgan qo‘shimcha va o‘zgarishlarning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazishda  partiya “Yoshlar qanoti” guruhi a’zolarining mas’uliyatini yanada kuchaytirish yuzasidan chora-tadbirlar belgilab olinmoqda.

O’zLiDeP Jizzax viloyat

Kengashi matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    337
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+