Ortiqcha ovogarchiliklarning oldi olinadi

06.07.2022, 15:07

Ortiqcha ovogarchiliklarning oldi olinadi

Bugungi kunda nikoh tuzish nikohlanuvchilar Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish (FXDYo) organlariga ariza berganidan so‘ng bir oy o‘tgach amalga oshiriladi. Faqat alohida hollarda va uzrli sabablar mavjud bo‘lganda ushbu muddatni qisqartirishga yo‘l qo‘yiladi.

Bunday holatlar qonunlarda aniq belgilab berilmagani sababli amaliyotda bu talab turlicha talqin qilib kelingan va nikoh muddati turli asoslarga ko‘ra qisqartirilgan. Nikohdan o‘tish uchun bir oylik muddat belgilangani, bu muddatni qisqartirish bir muncha rasmiyatchiliklar bilan bog‘liq ekanligi esa ko‘pchilikning nikoh tuzmasdan oila qurishiga sabab bo‘lmoqda. Natijada yuridik jihatdan otalikni belgilash ishlarining soni ham oshib boryapti.

Bu o‘z navbatida, jamiyatda o‘zgarishlar va globallashuv jarayonlari tufayli qonun hujjatlarini davr va zamonga moslashtirish, fuqarolarning talab va istaklarini inobatga olishni taqozo etmoqda. Qolaversa, 1998 yilda qabul qilingan hamda bevosita FXDYo organlari sohasini tartibga soluvchi Oila kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishga ehtiyoj sezilmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yaqinda bo‘lib o‘tgan navbatdagi majlisida ko‘rib chiqilgan “O’zbekiston Respublikasining Oila kodeksiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi FHDYo organlarida oila qurish jarayonini yanada takomillashtirish, korrupsiyaviy omillarning oldini olish, nikohlanuvchi shaxslarga qulayliklar yaratish va nikohni o‘z vaqtida qonuniy rasmiylashtirish orqali fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir.

Ushbu hujjatda nikoh tuzish uchun talab etiladigan bir oylik muddatni bekor qilib, tibbiy ko‘rik yakunlari bo‘yicha nikohni qayd etish, shuningdek nikohlanuvchi shaxslar ellik yoshdan oshgan bo‘lsa yoki nikohlanuvchi shaxslar o‘rtasida farzand bo‘lsa yoxud ayol nikohlanuvchi shaxsdan homilador bo‘lgan hollarda, tibbiy ko‘rikdan o‘tishni ixtiyoriy etib belgilash nazarda tutilgani yuqoridagi kabi nizoli holatlarning oldini olishga xizmat qiladi.    

Loyihada taklif etilayotgan yangi normalar nikohni qayd etish tartibini yanada soddalashtirishga, nikohlanuvchi shaxslarga qo‘shimcha qulayliklar yaratishga hamda nikohni o‘z vaqtida qonuniy rasmiylashtirish orqali fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga, shuningdek ortiqcha rasmiyatchiliklarning hamda korrupsion holatlarning oldini olishga qaratilgan.

Amaldagi Oila kodeksiga ko‘ra, nikohlanuvchilar FHDYo organlariga ariza berganlaridan keyin 1 oy o‘tgach, ularning nikohi qayd qilinadi. Ushbu vaqt davomida nikohlanuvchilar majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tishadi.

Alohida hollarda homiladorlik, bola tug‘ilishi, bir tarafning kasalligi bo‘lgan va boshqa holatlarda ushbu muddatdan oldin ruxsat berilishi mumkin. Ushbu muddatni qisqartirish uchun asos bo‘luvchi holatlar aniq belgilanmagani sababli qonun normasi amaliyotda turlicha qo‘llanilmoqda.

Xususan, nikohdan o‘tish uchun FHDYo organlariga 2021 yilda 311  mingdan ortiq ariza berilgan. Shundan, 5,8 mingga yaqin arizalar bo‘yicha 3 oy davomida turli sabablarga ko‘ra nikoh qayd etilmagan bo‘lsa, 2021 yilda 305 mingdan ortiq nikohlarning 50 mingga yaqini bir oylik muddat qisqartirilgan holda qayd etilgan. 23 mingta homiladorlik, 15 mingta bola tug‘ilganligi uchun hamda 12 mingta nikoh kasallik, xizmat safari va boshqa sabablarga ko‘ra bir oylik muddat qisqartirilgan.

Sohada amalga oshirilayotgan ishlarga qaramay, nikohni qayd qilishning 1 oylik muddatini turli asossiz, ya’ni nikohlanuvchilarning qarindoshi bo‘lmagan shaxslarning kasalligi haqidagi belgilangan tartibda tasdiqlanmagan ma’lumotnomalar, kelinning homiladorligi aniq bo‘lmagan ma’lumot (UZI xulosasi), xususiy korxonaning xizmat safari haqidagi buyrug‘i, nikohlanuvchilarning umumiy farzandlari bo‘lmagan bolalarning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomalari va boshqa sabablarga ko‘ra qisqartirish, fuqarolar tomonidan FHDYo organlariga soxta tibbiy ma’lumotnomalar taqdim etish kabi salbiy holatlar uchrab turibdi.

Natijada bolaga nisbatan otalik belgilash holatlari yildan-yilga ortib boryapti. Jumladan, 2020 yilda 49 mingga yaqin otalik belgilangan bo‘lsa, 2021 yilda ushbu ko‘rsatkich 56 mingdan ortiqni tashkil etgan.

Shu sababli mazkur qonun loyihasi bilan Oila kodeksining 13, 17 va 212-moddalariga o‘zgartishlar kiritildi. Masalan, nikohni qayd etishning bir oylik muddati va uni qisqartirish uchun asos bo‘luvchi holatlar bekor qilindi, nikohni nikohlanuvchi shaxslar majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tganlaridan so‘ng rasmiylashtirish tartibi belgilandi.

Shuningdek, loyiha nikohni qayd qilishning bir oylik muddatini bekor qilishga qaratilgan bo‘lib, majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tish tartibi va shartlariga o‘zgartirishlar kiritilmagan. Shu bois, loyihada ellik yoshdan oshgan yoki o‘rtada bolasi (bolalari) bo‘lgan nikohlanuvchi shaxslar, shuningdek homilador ayol va uning tug‘ilajak bolasini o‘z bolasi deb tan oluvchi shaxs uchun tibbiy ko‘rikdan o‘tish ixtiyoriyligi belgilab qo‘yildi.

Sir emaski, amaliyotda aksariyat nikohlanuvchilar oila qurish to‘g‘risidagi qarorni ancha oldin qabul qilib, nikohni rasmiylashtirish maqsadida FHDYo organlariga murojaat qilishadi. Birgina 2021 yilda majburiy tibbiy ko‘rik natijasida 3 ming 40 nafar kelin yoki kuyovda kasallik aniqlangan bo‘lsada, lekin ularning roziligi bilan nikohlari qayd etilgan.

Prezidentimiz shu yil 20 iyun kuni Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda oila masalasiga to‘xtalib, Bosh qomusimizda oila institutining konstitutsiyaviy asoslarini rivojlantirish maqsadida “oila ayol va erkakning ixtiyoriy roziligi va teng huquqliligi asosida shakllanishi”, jamiyatning tabiiy va tayanch bo‘g‘ini, jamiyat va davlatning alohida himoyasida ekanini mustahkamlab qo‘yishni taklif etdi. Bu nihoyatda o‘rinli tashabbus bo‘lib, minglab yurtdoshlarimizning ayni dilidagi gap bo‘ldi.

Bu borada davlat oilaning to‘laqonli rivojlanishi uchun zarur ijtimoiy va iqtisodiy sharoitlarni yaratishi, ko‘p bolali oilalarga qonunga muvofiq imtiyoz va ijtimoiy kafolatlar yaratib berishi maqsadga muvofiqdir. Faqat shundagina oilaning iqtisodiy va ma’naviy asoslari yanada mustahkam bo‘ladi, yoshlar baxtli, farovon hayot kechiradi. Zotan, bu orqali FHDYo va sog‘liqni saqlash organlarida ortiqcha qog‘ozbozlik, byurokratiya va korrupsiyaviy holatlar bartaraf etiladi, otalik belgilash va shar’iy nikoh asosida yashash holatlari kamayadi.

Mavludaxon XO’JAYEVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining

Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi raisi

  • Ko'rildi
    866
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+