Xizmatlar sohasini rivojlantirish uchun soliq imtiyozlari beriladi

06.07.2022, 17:46

Xizmatlar sohasini rivojlantirish uchun soliq imtiyozlari beriladi

Joriy yilning 6 iyun kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda deputatlar dastlab “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi O’zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasini ko‘rib chiqdi.

Ta’kidlanganidek, amaldagi qonunchilikka ko‘ra pensiyani hisob-kitob qilish uchun pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining o‘n baravaridan ortiq bo‘lmagan miqdordagi o‘rtacha oylik ish haqi olinadi.

Ammo pensionerning oxirgi o‘n yillik mehnat faoliyatiga oid bo‘lgan davrlari uchun sug‘urta badallari (ijtimoiy soliq) to‘langan bo‘lsa-da, bu davrlardagi, shuningdek, o‘rtacha oylik ish haqi miqdori pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining o‘n baravaridan ortiq bo‘lganda qolgan summaning miqdori pensiya hisoblashda inobatga olinmaydi.

Muhokamalar davomida fraksiya a’zolari qonun loyihasi yuzasidan bir qator takliflar berishdi. Ushbu hujjat ish haqining miqdori, ish staji va pensiya miqdori o‘rtasidagi bog‘liqlikni ta’minlash orqali pensiya tizimida ijtimoiy adolatni qaror topishiga yordam berishini qayd etishdi.

Deputatlarning aytishicha, mazkur tartibning joriy etilishi yuqori ish haqi olgan fuqarolarga munosib pensiyalarni tayinlash, ularning moddiy farovonligini oshirish, ijtimoiy adolat tamoyillarini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Yig‘ilishda “Soliq va bojxona qonunchiligi, shuningdek, soliq va bojxona imtiyozlarining qo‘llanilishini takomillashtirishga qaratilgan O’zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ham muhokama qilindi.

Ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi bilan mobil aloqa xizmatlari unun aksiz solig‘i stavkasi 15 foizdan 10 foizga tushuriladi.

Shuningdek, xizmatlar sohasini rivojlantirish uchun soliq imtiyozlari berilib, alohida soliq rejimi joriy etiladi. Eng muhimi, xotin-qizlarning bandligini oshirish maqsadida mehnat resurslari zich bo‘lgan qishloq joylarning reyestriga kiritilgan hududlardagi tadbirkorlik sub’ektlariga ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz miqdorida o‘rnatiladi.

Yig‘ilishda qonun loyihasi qizg‘in muhokama qilinib, uni yanada takomillashtirish bo‘yicha qator takliflar berildi. Savol-javoblardan so‘ng qonun loyihasi deputatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Yig‘ilishda fraksiya vakolatiga taalluqli boshqa masalalar ham muhokama qilindi.

  • Ko'rildi
    206
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+