O’zLiDeP fraksiyasining 2022 yil birinchi yarim yillikdagi faoliyati sarhisob qilindi

06.07.2022, 17:48

O’zLiDeP fraksiyasining 2022 yil birinchi yarim yillikdagi faoliyati sarhisob qilindi

Joriy yilning 6 iyul kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasining birinchi yarim yillik faoliyati sarhisobiga bag‘ishlangan ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida Brifingi o‘tkazildi.

Ta’kidlanganidek, O’zLiDeP fraksiyasi tomonidan o‘tgan davrda partiya elektorati manfaatlarini himoya qilish, saylovoldi dasturida ilgari surilgan g‘oya va tashabbuslarni amalga oshirish, ishbilarmonlarning huquqlarini ta’minlash hamda tadbirkorlik sohasini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirildi.

Hisobot davrida fraksiya a’zolari tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida 3 ta qonun loyihasi xususan, «Xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga saylov jarayoni takomillashtirilishi munosabati bilan O’zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida»gi,  «O’zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida»gi O’zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi hamda O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi ishlab chiqilib, Qonunchilik palatasi muhokamasiga kiritildi va qabul qilindi.

O’tgan davrda ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy ahamiyatga ega muhim qonun loyihalarini joylarda keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilish, qonunlarni takomillashtirishda fuqarolarning taklif va mulohazalarini e’tiborga olish borasidagi ishlarga ham ustuvor ahamiyat qaratildi.

Jumladan, fraksiya partiya bilan hamkorlikda 35 ta qonun loyihasining joylardagi muhokamasi tashkil etilib, ularda fuqarolar tomonidan bildirilgan 20 ga yaqin taklif qonunlarni ishlab chiqish hamda takomillashtirish jarayonida inobatga olindi.

Hisobot davrida fraksiya tomonidan dolzarb masalalar yuzasidan mansabdor shaxslarning axborotini Qonunchilik palatasi majlislarida eshitish bo‘yicha tashabbus bilan chiqish, shuningdek, ular faoliyati ustidan ta’sirchan parlament hamda deputatlik nazoratini amalga oshirish borasida muayyan ishlar amalga oshirildi.

Shunga ko‘ra, o‘tgan davrda fraksiya tashabbusi asosida qonunlarning, turli sohalardagi davlat dasturlarining ijrosi, shuningdek, hududlardagi o‘rganishlar davomida aniqlangan tizimli kamchilik va muammolarni hal etishga qaratilgan 1 ta «parlament eshituvi» hamda 1 ta «hukumat soati» o‘tkazildi.

Hisobot davrida fraksiya a’zolari tomonidan saylovchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash borasidagi ishlarga jiddiy e’tibor qaratilib, joylardagi nazorat-tahlil tadbirlari, saylov okruglaridagi o‘rganishlar davomida aniqlangan dolzarb masalalar yuzasidan davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlariga jami 101 ta deputat so‘rovi yuborildi.

Joylardagi tizimli muammolar, qonun va qonunosti hujjatlarning ijro etilish holati yuzasidan tegishli mansabdor shaxslarning hisobotlari fraksiya majlislarida doimiy tarzda eshitib borildi. O’tgan yil davomida bu kabi fraksiya majlislari soni 16 tani tashkil etdi.

Shu bilan bir qatorda bugungi kunda mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini jamoatchilikka yetkazish, muhim tarmoq va sohalarda mavjud muammolarni muhokama qilish hamda ularni bartaraf etish yuzasidan tegishli takliflarni ishlab chiqishga bag‘ishlangan qator tadbirlar o‘tkazildi. Xususan, fraksiya a’zolarining tashabbusi va bevosita ishtirokida jami 33 ta tadbir, shu jumladan 5 ta konferensiya, 9 ta seminar, 18 ta davra suhbati tashkil etildi.

Bulardan tashqari, 40 marotaba fraksiya yig‘ilishi o‘tkazilib, ularda 150 ta masala ko‘rib chiqildi. Shundan 20 tasi Prezidentning muhim ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va tashqi siyosat sohalaridagi dolzarb masalalar bo‘yicha ma’ruzalari, farmonlari va qarorlaridan kelib chiqadigan ustuvor vazifalarga, 105 tasi qonun ijodkorligi faoliyatiga, 16 tasi fraksiyaning nazorat-tahlil faoliyatiga doir va boshqa masalalarga bag‘ishlangan.

O’tgan davrda fraksiya a’zolari tomonidan hududlarga chiqqan holda 42 marotaba nazorat-tahlil tadbirlari o‘tkazilib, ularda jamiyat hayoti uchun muhim bo‘lgan qonun loyihalarining ijro etilish holati, joylardagi mavjud tizimli muammolar, shuningdek, ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda olib borilayotgan islohotlar samaradorligi atroflicha o‘rganib borildi.

Mazkur o‘rganishlar davomida 1870 marotaba fuqarolar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri uchrashuv o‘tkazilib, ularda 36 ming nafardan ziyod aholi qamrab olindi, 2558 ta xonadonga tashrif byurildi hamda 878 ta tadbirkorlik sub’ektlari bilan o‘zaro muloqot o‘tkazildi.

Shuningdek, o‘tgan vaqt davomida fraksiya a’zolari nomiga Qonunchilik palatasiga fuqarolardan jami 2593 ta, shu jumladan 2019 ta yozma, 514 ta elektron, 60 ta og‘zaki shakldagi murojaat kelib tushgan bo‘lsa, ularning 2316 tasi ko‘rib chiqish uchun tegishliligi bo‘yicha mutasaddi tashkilot va idoralarga yuborilib, bugungi kunga qadar 1815 tasiga ijobiy yechim topildi hamda 170 ta murojaat bo‘yicha fuqarolarga huquqiy maslahatlar berildi.

Bundan tashqari, deputatlarning saylov okruglaridagi uchrashuvlari davomida aholi tomonidan jami 3272 marotaba murojaatlar kelib tushgan bo‘lib, shundan 1568 tasi joyida hal etilgan bo‘lsa, qolgan 1704 ta murojaatlar esa ko‘rib chiqish uchun tegishliligi bo‘yicha mutasaddi tashkilot va idoralarga, mahalliy davlat hokimiyati organlariga yuborildi.

Brifingda O’zLiDeP fraksiyasining kelgusi rejalari haqida ham fikr yuritilib, deputatlar jurnalistlar va blogerlarning savolllariga atroflicha javob berishdi.

  • Ko'rildi
    307
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+