Konstitutsiyaviy islohotlar: Har kim sog‘lig‘ini muhofaza qilish va malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga ega

07.07.2022, 09:55

Konstitutsiyaviy islohotlar: Har kim sog‘lig‘ini muhofaza qilish va malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga ega

“O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy qonuni loyihasining umumxalq muhokamasi joylarda davom etmoqda.

O’zLiDePning barcha quyi bo‘g‘ini, mahalliy kengashlar deputatlari, partiya faollari ushbu sa’y-harakatlarda faol qatnashyapti.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari, O'zLiDeP fraksiyasi rahbari, partiya Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Xaitov ishtirokidagi navbatdagi tadbir Qarshi shahar tibbiyot birlashmasida bo‘lib o‘tdi. Konstitutsiyaviy qonun loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan davra suhbatida deputatlar, BPT yetakchilari, shifokorlar, mahallalar faollari qatnashdi.

Tadbirda mazkur qonun loyihasining mazmun-mohiyati va xalqimiz hayotidagi ahamiyati xususida atroflicha so‘z yuritildi. Uning qabul qilinishi har bir inson uchun muhimligi qayd etildi.

Partiya rahbari yig‘ilganlar e’tiborini, jumladan, qonun loyihasining 40-moddasiga ham qaratdi. “Har kim sog‘lig‘ini muhofaza qilish va malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga ega. O’zbekiston Respublikasi fuqarolari qonunda belgilangan hajmda kafolatlangan bepul tibbiy yordam olishga hamda tez va shoshilinch tibbiy yordamni ham o‘z ichiga oladigan kafolatlangan bepul tibbiy yordam olishga haqli”.

A.Xaitov mazkur qo‘shimcha va o‘zgartishlarga izoh berar ekan, Prezidentimizning 2022 yil 20 iyunda Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan uchrashuvdagi nutqida ana shu moddani kengaytirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llaniluvchi normalar bilan boyitish yuzasidan taklif va tavsiyalar berganini ta’kidladi. Shu bilan birga yangi tahrirdagi norma Yangi O’zbekiston taraqqiyot strategiyasida belgilangan tegishli maqsadlarida vazifalarni konstitutsiyaviy darajada kafolatlash imkonini berishini, shuningdek, xalqaro me’yoriy hujjatlarga mosligini alohida qayd etdi. Mazkur norma ijtimoiy davlatning inson huquqlarini ta’minlashdagi muhim huquqiy kafolati, “Inson qadri uchun” g‘oyasining to‘la ro‘yobga chiqishi uchun xizmat qilishini aytib o‘tdi.

So‘zga chiqqanlar yangi normalarning kiritilishi xalqparvar davlat barpo etilishida asosiy omil bo‘lishi to‘g‘risida so‘z yuritdilar. 

Muloqot ishtirokchilari konstitutsiyaviy qonun loyihasini yanada mukammalashtirish borasida o‘z takliflari va fikrlarini bildirib o‘tdi.

  • Ko'rildi
    363
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+