Jizzaxda “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar uchun mahorat darsi tashkil qilindi

07.07.2022, 16:30

Jizzaxda “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar uchun mahorat darsi tashkil qilindi

O’zLiDePning istiqbolli “Bunyodkor ayollar” loyihasi doirasida Sharof Rashidov tumanidagi “Zebo Bahromxo`ja” tikuvchilik sexida mahallardagi “Ayollar daftari”ga kiritilgan opa-singillarimiz uchun mahorat darsi tashkil qilindi. Mazkur tikuvchilik sexiga partiyamiz faoli – Zebo opa Zokirova rahbarlik qiladi.

Zebo opa bolalikdan tikuvchilikning hadisini olgan ayollardan. Shu sabab, hech qachon tanish-bilish, qarindosh urug‘lardan tushgan buyurtmaning keti uzilmagan. Yurtimizda tadbirkor ayollarga yaratilayotgan sharoitlardan ko‘rib, opa ham o‘z kuchini sinab ko‘rishga qaror qildi. “Zebo Bahromxo`ja” deb nomlangan tikuvchilik sexi faoliyatini yo‘lga qo‘ydi. 5 ta zamonaviy tikuvchilik mashinkasini olib kelib o‘rnatdi. O’zi istiqomat qilayotgan “Yaxtanlik” MFY hududidagi “Ayollar daftari” ro‘yxatida turuvchi xotin-qizlarni shogridlikka olib, kasb sir-asrorlarini o‘rgata boshladi. Ayni paytda 10 ta ayol doimiy ish bilan ta’minlangan. Qolaversa, 20 nafar  shogirdlar ham yetishib chiqdi. Hozirda 5ta yangi zamonaviy mashinkaga ega bo‘lgan tikuvchilik sexida turli xildagi bejirim ko‘ylaklar, harbiylar formalari tayyorlanmoqda.

- Tikuvchilik bilan shug‘ullanayotganlar hozir har bir mahallada bor.  Mahsulotlaringizga xaridor topish mushkul bo‘lmayatimi?, - dedi tadbirkor opa. Raqobatdan cho‘chimaymiz. Chunki, har qanday ishni avvalambor, qalb qo‘rimizni, butun mehrimizni berib, sifatli qilib  bajarishga o‘rganganmiz. Buyurtmachilarimiz ko‘pchiligi doimiy mijozlar bo‘lgani uchun, narxini ham cho‘ntakbop qilishga harakat qilayapmiz. Qolaversa, tikuvchilik faoliyatiga xos barcha yangiliklar bilan muntazam tanishib boramiz. Ulardan o‘z faoliyatimizda unumli foydalanamiz.

Zebo opadan o‘z ish tajribasini, mahoratini o‘rtoqlashish maqsadida mahorat darslari tashkil etishda yordam berishni so‘raganimizda, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishda partiyaning yordami katta bo‘lgan, deb darhol rozi bo‘ldi.

Tikuv sexiga, nafaqat tikuvchilik sir-asrorlarini, balki xaridor bilan ishlashdan tortib mahsulotni iste’molchiga yetkazishgacha bo‘lgan jarayonni o‘rganish ishtiyoqidagi 15 nafardan ortiq xotin-qizlarni taklif qildik. Ochiq, samimiy suhbat tarzida o‘tgan mahorat darsida yig‘ilganlar amaliy jarayon bilan bevosita tanishib, o‘zlarini qiziqtirgan ko‘plab savollarga javob topish imkoniga ega bo‘lishdi.

Yana bir e’tiborli tomoni, tadbirda ishtirok etgan Xalq deputatlari Sh.Rashidov tumanidagi O’zLiDeP deputatlik guruhi a’zosi N.Asqarova mahorat darsida ishtirok etgan ikki nafar ayolning qarorini qo‘llab-quvvatlab, ularga zamonaviy tikuv mashinkalari olib berishda amaliy yordam beradigan bo‘ldi.

Saida Umaraliyeva,

 O’zLiDeP Jizzax viloyat Kengashi

Ayollar bilan ishlash bo‘limi mudiri

  • Ko'rildi
    267
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+