Konstitutsiyaviy islohotlar: Mahallaning maqomi hamda davlat organlarining bu boradagi vazifalari aniq belgilab berilmoqda

08.07.2022, 15:45

Konstitutsiyaviy islohotlar: Mahallaning maqomi hamda davlat organlarining bu boradagi vazifalari aniq belgilab berilmoqda

Shu kunlarda «O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi ochiq xalq muhokamasida bo‘lib turibdi.

O’zLiDeP negizidagi turli tashkilotlar tomonidan joylarda tashkil etilayotgan ochiq muloqot tadbirlarida ham jamiyat va davlat hayotining eng muhim masalalarini qamrab olgan Qonun loyihasi xalq muhokamasiga taqdim etilmoqda.

Keng jamoatchilik, butun xalqimiz qatorida partiyaning quyi bo‘g‘ini hisoblanadigan BPT lar ham bu jarayonda faol ishtirok etishmoqda.

Partiya Toshkent tuman Kengashi tomonidan hududdagi 3-sektorda Xalq deputatlari tuman Kengashidagi partiya deputatlik guruhi a’zolari, “Ozodlik”, “Xuvaydo”, “Iftixor”, “Oqibat”, “Axillik”, “Sag‘bon”, “Obodlik”, “Tinchlik”, “Uchsada”, “Qirariq” MFYlaridagi boshlang‘ich partiya tashkilotlari rahbar  va faollari ishtirokida tashkil etilgan tadbirda Yangi O’zbekiston Bosh qomusi xalqimiz xohish-irodasining ifodasi bo‘lib, haqiqiy xalq Konstitutsiyasi sifatida takomillashtirilayotgani borasida so‘z bordi.

Mamlakat Konstitutsiyasini isloh qilishda xalq fikrining o‘rganilayotgani yurtimizda inson qadri yuksalayotganining yana bir isboti ekaniga urg‘u berildi.

Xususan, Konstitutsiyaning 32-moddasiga kiritilayotgan qo‘shimcha haqida atroflicha ma’lumot berildi. Jumladan, muqaddam Konstitutsiyada fuqarolar jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda ishtirok etish huquqiga egaligi, bunday ishtirok etish o‘zini o‘zi boshqarish yo‘li bilan ham amalga oshirilishi belgilangani, endilikda esa bu norma boyitilib, unda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish huquqiga ta’rif berilib, qaysi masalalar fuqarolar tomonidan mustaqil ravishda va qonun doirasida hal etilishi konstitutsiyaviy jihatdan belgilab berilayotgani sharhlab berildi.

Bu orqali Konstitutsiyada mahallaning maqomi hamda davlat organlarining bu boradagi vazifalari aniq belgilab berilayotganini ta’kidlandi.

Bunda mahallalarning davlat hokimiyati organlari tizimiga kirmasligi, joylardagi mahalliy ahamiyatga molik masalalarni mustaqil hal etishi, buning uchun davlat organlari ularga ko‘mak ko‘rsatishiga oid tamoyillar asosida o‘z ishini tashkil etishi lozimligi aniq ko‘rsatilib, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining istiqboldagi rivojlanish yo‘nalishlari huquqiy asoslarini takomillashtirishga mustahkam tamal toshi qo‘yilganini uqtirdi.

Ochiq muloqot ishtirokchilari ham mazkur normaga kiritilayotgan yangi qo‘shimchani bir ovozdan qo‘llab-quvvatlashlarini bildirib, bu boradagi o‘z mulohazalari bilan o‘rtoqlashishdi.

 Zuxro Mirzohamdamova,

O’zLiDeP Toshkent viloyat Kengashi bo‘lim mudiri

  • Ko'rildi
    688
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+