Samarqandlik talaba-yoshlar ishtirokida “Konstitutsiya bilimdoni” intellektual musobaqasi tashkil etildi

15.07.2022, 18:48

Samarqandlik talaba-yoshlar ishtirokida “Konstitutsiya bilimdoni” intellektual musobaqasi tashkil etildi

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Samarqand viloyat Kengashi, partiya qoshidagi “Yoshlar qanoti” guruhi, O’zbekiston Yoshlar ittifoqi hamda Samarqand iqtisodiyot va servis instituti hamkorligida O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga kiritilishi kutilayotgan o‘zgartirishlar mazmun-mohiyatini yoshlar o‘rtasida keng targ‘ib qilish maqsadida yoshlar ishtirokida “Konstitutsiya bilimdoni” intellektual mega musobaqasi tashkil etildi.

Tadbirda O’zLiDeP viloyat Kengashi faollari, Mahalliy Kengash deputatlari, partiya qoshidagi “Yoshlar qanoti” guruhi a’zolari,   O’zbekiston Yoshlar ittifoqi vakillari, Samarqand iqtisodiyot va servis instituti o‘qituvchi va talabalari, talaba-yoshlar hamda OAVlari vakillari ishtirok etdi.

Mamlakatimizda Yangi O’zbekistonni barpo etish, erkin va adolatli fuqarolik jamiyatini shakllantirishga qaratilgan o‘zaro bog‘liq va mohiyatan bir-birini taqozo etuvchi tub demokratik siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy-huquqiy islohotlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, Konstitutsiyaviy islohot bugungi va istiqboldagi muvaffaqiyatli va barqaror taraqqiyotning zaruriy huquqiy sharti va asosi hisoblanib, u yoshlarning huquq va manfaatlarini to‘la ta’minlash maqsadida yoshlar sohasidagi davlat siyosati, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalasi, ularning huquq va burchlarini konstitutsiyaviy darajada aks ettirishni taqozo etmoqda.

Intellektual musobaqada 10 dan ortiq yoshlar jamoasi O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga kiritilishi kutilayotgan o‘zgartirishlar yuzasidan bellashdi. Ta’kidlash joizki, mazkur tanlovdan ko‘zlangan maqsad, Bosh qomusimizning mazmun-mohiyatini keng targ‘ib etish orqali yoshlarning siyosiy-huquqiy bilimini oshirish, ijtimoiy-siyosiy jarayonlarda ularning  faol ishtirokini ta’minlashdan iborat. 

O’zaro bahslarga boy o‘tgan “Konstitutsiya bilimdoni” intellektual mega musobaqa yakunida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan jamoalarga tadbir tashkilotchilarining 1-, 2- va 3-darajali diplomlari va partiyaning esdalik sovg‘alari topshirildi.

Taqdirlash marosimida so‘zga chiqqanlar O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga kiritilishi kutilayotgan o‘zgartirishlar yuzasidan amalga oshirish yo‘lida o‘tkazilayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar oliy o‘quv yurtlarining faol talabalari hamda O`zLiDeP “Yoshlar qanoti” guruhi a’zolarining huquqiy bilimlarini yanada oshirishga hamda ular o‘rtasida ijodiy hamkorlik va tajriba almashishga xizmat qilayotganini e’tirof etishdi.

  • Ko'rildi
    285
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+