Tomorqa sohiblari bilan yuzma-yuz muloqotlar

18.07.2022, 17:40

Tomorqa sohiblari bilan yuzma-yuz muloqotlar

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari, O‘zLiDeP  Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi, O’zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi Aktam Xaitov joylarda konstitutsiyaviy qonun loyihasi muhokamalariga bag‘ishlangan talay tadbirlarda bevosita qatnashyapti, shuningdek, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, aholi bandligi va daromadini oshirishning muhim manbai bo‘lgan tomorqalardan unumli fodalanish borasidagi ishlar bilan ham tanishyapti.

Xususan, A.Xaitov Uchqo‘rg‘on tuman hokimi Jahongir Rizayev bilan birgalikda mazkur tumanning Istiqlol mahallasida yashovchi Tolibjon Xolmatov xonadonida bo‘ldi.  Tomorqa sohibi yangilikka qo‘l urib, golubika (xo‘jag‘atga o‘xshash, butada yetishadigan ko‘k rangli meva) yetishtirishni boshlagan. U Belorussiyadan olib kelingan golubika ko‘chatlarini mahalliy sharoitga moslashtirgan.

Golubika qimmatbaho dorivor meva sanaladi.  Uning 1 kilogrammi jahon bozorida 50-70 AQSh dollariga baholnyapti.  Butasi 3 yoshdan to‘liq hosilga kiradi.

 Hozirda tomorqachi 4 ming 200 dona 2 yillik ko‘chat, 300 dona 5-6 yillik ko‘chatni parvarishlayapti.  T.Xolmatov kelgusida mevalarni saqlash uchun 100 tonnalik muzlatkich qurish, mevalarni eksport qilish maqsadi borligini aytdi.

Tashrif buyuruvchilar ish jarayonini takomillashtirish yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirdilar, shuningdek, tomorqachi tilga olgan ayrim qiyinchiliklarni bartaraf etishni zimmalariga oldilar.  

Norin mahallasida istiqomat qiluvchi Fathiddin Asqarov gulchilik kooperatsiyasini tashkil qilyapti. Bu yerdagi ishlar ham ko‘zdan kechirildi.

Tomchilatib sug‘orish orqali na’matak, atirgul, lola va boshqa 100 dan ortiq turdagi gullar parvarishlanmoqda.

Aktam Xaitov yetishtirilayotgan gullar narxi, xaridorlar talab-istaklari bilan qiziqdi, davlatimiz, hukumatimiz tomonidan yer egalari uchun yaratilayotgan yangi imkoniyatlar xususida so‘z yuritdi. Tadbirkorlar   jamiyatimizda kechayotgan jarayonlar, xususan, konstitutsiyaga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishda  yanada faolroq qatnashishi zarurligini ta’kidladi. Ilm-fanning eng so‘nggi yutuqlari tatbiq qilingan ana shunday  kooperatsiyalarni ko‘paytirish, ilg‘or tajribalarni ommalashtirish kerakligini qayd etdi.

  • Ko'rildi
    162
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+