Sayhunobodda biogomus o‘g‘it-mahsulotini yetishtirayotgan yosh tadbirkor faoliyati bilan yoshlar tanishtirildi

20.07.2022, 15:09

Sayhunobodda biogomus o‘g‘it-mahsulotini yetishtirayotgan yosh tadbirkor faoliyati bilan yoshlar tanishtirildi

Yoshlarning navbatdagi manzili – Sayhunobod tumanida istiqomat qiluvchi partiya faoli, yosh tadbirkor Dilmurod Abdurahmonovning xonadonida tadbir tashkil qilindi. Tadbirkor Kaliforniya “qizil yomg‘ir chuvalchanglari”dan biogomus o‘g‘it-mahsulotini yetishtirish jarayoni bilan yoshlarni tanishtirdi.

Biogumus — go‘ngdan tayyorlangan sifatli organik o‘g‘it bo‘lib, qishloq xo‘jalik ekinlarining barchasiga qo‘llash mumkin. Uning tarkibida 40-50 foiz quruq organik massa, 10-12 foiz gumus, 0,8-0,3 foiz azot, 1,3-2,5 foiz fosfor, 1,2-3,9 foiz kaliy, 4,5-8,0 foiz kalsiy va boshqa mikroelementlar mavjud.

Yomg‘irdan keyin chuvalchanglar organik massalarga o‘rmalashib, yer yuzasiga chiqadi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, zaminimizda chuvalchangning 4 turini uchratish mumkin. Faqat bir necha turigina boqish uchun yaroqli. Chuvalchanglar ko‘p urug‘ hosil qiladi, 20 ta urug‘dan 4-5 tasi tirik qoladi. Qizil Kaliforniya chuvalchangi oddiy «yovvoyi» chuvalchangga nisbatan juda faol va serpushtdir. Agar uning ozuqasi yetarli bo‘lsa, uyini tark etib ketmaydi. Uzunligi 99 millimetrgacha, tana diametri 3-5 millimetr bo‘lib, qulay sharoitda har 7 kunda urug‘laydi. Urug‘lagandan keyin (20 tagacha) tuxumli kapsula qo‘yadi va 14-20 kundan so‘ng yangi avlod dunyoga keladi.

- Dastlab Qo‘qon shahridan 3 kv.metr hajmda olib kelingan Kaliforniya “qizil yomg‘ir chuvalchanglari” 24 kv.metr joyga biogomus o‘g‘it-mahsulotini yetishtirish uchun yoyib chiqilgan. Bunga 4,5 million so‘m sarflandi, - dedi tadbirkor Dilmurod Abdurahmonov. - Uch nafar mavsumiy ishchi o‘rni yaratib, 8 oy mobaynida 62 mln.so‘m sof daromad olganmiz. Bugungi kunda biogomus ishlab chiqarish maydoni hajmi 150 kv.metrdan ortiq bo‘lib, yil yakuniga qadar 100 mln.so‘m sof daromad olishni reja qilganmiz.

Tadbirkor kelgusida o‘z tomorqasida ushbu faoliyatni yanada kengaytirib, shuning barobarida 10 nafar doimiy ishchi o‘rni yaratishni niyat qilgan. U ijtimoiy tarmoqda tadbirkorlik faoliyatini yorituvchi telegramm kanali tashkil etganligini, mazkur kanal orqali bugungi kunda qo‘shni tuman va mahallalarga ham sifatli biogomus mahsulotini yetkazib berayotganligini qayd etdi.

Tadbir yakunida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga tadbirkor tomonidan kerakli javoblar va tavsiyalar berib o‘tildi.

  • Ko'rildi
    723
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+