Markaziy Osiyo davlatlari do‘stligi va qardoshligi bardavom bo‘ladi

21.07.2022, 17:07

Markaziy Osiyo davlatlari do‘stligi va qardoshligi bardavom bo‘ladi

Hamjihatlikka ne yetsin. Ayniqsa bir-biri bilan yaqin qo‘shni, birodar va tili, dini, urf-odatlari yaqin mamlakatlar o‘rtasida do‘stlik aloqalari mustahkamlansa, bir-biriga do‘stona qo‘l uzatsa, buni tabriklash kerak. Men aminmanki, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O’zbekiston, Tojikiston va Turkmaniston davlat rahbarlarining Cho‘lponotadagi to‘rtinchi maslahat uchrashuvi shu beshala mamlakat xalqlarini juda quvontirdi. Axir bu xalqlar et bilan tirnoq, bir chinorning besh ildizi misoli yashab kelyapti. Dunyoda ro‘y berayotgan global inqiroz, oziq-ovqat xavfsizligi hamda maqsadsiz urushlar, kelishmovchiliklar bu beshta inoq davlat do‘stligi hamda qardoshligiga rahna solmasligi lozim.

Markaziy Osiyo mamlakatlari rahbarlarining to‘rtinchi maslahat uchrashuvida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zlar ekan, Markaziy osiyoning xavfsizligi va barqarorligini, izchil ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotini ta’minlash bo‘yicha murakkab vazifalarni hal qilish muhimligini alohida ta’kidladi.

Bu borada ko‘plab to‘siqlar bartaraf etildi, fuqarolarimiz erkin harakatlanishi, faol madaniy va turistik almashinuvlar amalga oshirilishi uchun sharoitlar yaratildi. O’zaro savdo va investitsiyalarning o‘sishiga xizmat qilayotgan qulay muhit shakllantirildi. Mintaqa mamlakatlari sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga kirishdi, samarali qo‘shilgan qiymat zanjirlarini yaratmoqda, transport va energetika infratuzilmasini rivojlantirmoqda.

Shu bilan birga davlatimiz rahbari jahondagi murakkab vaziyat mintaqamizga ham bevosita ta’sir ko‘rsatayotganini ta’kidladi. Xalqaro tartibotning oqibatlarini prognoz qilish og‘ir bo‘lgan shiddatli transformatsiyasi kuzatilmoqda. Dunyo global miqyosda muloqot va ishonch taqchilligi ortib borayotganining guvohi bo‘lmoqda. Jahon iqtisodiyotidagi inqirozli hodisalar kuchaygani natijasida mamlakatlarimiz an’anaviy logistika zanjirlari uzilishi muammosiga duch kelmoqda, inflyatsiya importi ortmoqda, oziq-ovqat va energetik xavfsizlikka xatarlar karrasiga ko‘paydi.

Sammit yakunida XXI asrda Markaziy Osiyoni rivojlantirish yo‘lidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlik to‘g‘risida shartnoma imzolandi. Davlat rahbarlari Cho‘lponota Maslahat uchrashuvining qo‘shma bayonoti, 2022-2024 yillarda mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha yo‘l xaritasi, “Markaziy Osiyo uchun “Yashil kun tartibi” mintaqaviy dasturi hamda Markaziy Osiyo davlatlarining ko‘p tomonlama formatlar doirasidagi hamkorligi konsepsiyasini qabul qildilar.

Eng quvonarlisi esa besh qardosh mamlakatning o‘zaro og‘izbirligi, hamjihatligi yuksak darajaga ko‘tarilib bormoqda. Axir do‘stlik bu qudratli kuch, birlashgan, bir maslak va bir g‘oya asosida olg‘a harakat qilgan mamlakatlar albatta, katta yutuqlarga erishadi. Shunday ekan, bu hamkorlikni biz ham qizg‘in qo‘llab-quvvatlaymiz.

Hazratqul XO’JAMQULOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.

  • Ko'rildi
    498
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+