Kitobning ishbilarmon ayoli viloyatda ham muvaffaqiyat qozonmoqchi

22.07.2022, 17:24

Kitobning ishbilarmon ayoli viloyatda ham muvaffaqiyat qozonmoqchi

Zarifaxon Xidirova Kitob tumanining Qaynar qishlog‘ida oddiy bir o‘qituvchi bo‘lib, yoshlarga saboq berib yursa ham bo‘lardi. Lekin u shuncha qir-adir bo‘sh yotibdi, shu yerlarda uzumzor barpo etilsa, qanchadan-qancha mahsulot yetishtiriladi. Uzumni hatto xorijga eksport qilish imkoniyati yaratiladi, deb o‘zicha xomaki loyiha tuzdi. Qarang, bu shunchaki xomaki loyiha bo‘lib qolib ketmadi, balki amalga oshdi, ya’ni u 2017 yilda u yaratgan tokzorlar hosilga kirib, ko‘zni yashnata boshladi.

-Qo‘y, qizim, o‘zingni ovora qilma, b u yerlarda uzum bo‘lmaydi,- degan kishilar ham bo‘ldi o‘shanda,- deydi Zarifa Xidirova. –Tokni ekding ham deylik, suvni qayerdan olib kelasan, axir suvsiz nihol nobud bo‘ladi-ku, deb meni fikrimdan qaytarmoqchi ham bo‘lishdi. To‘g‘risi, biroz qaysarligim bor, aytdimmi, qilaman dedim. Qildim ham. “Vodovoz” bilan suv tashib, toklarni yoz chillasidan omon olib chiqdim. Keyingi yili hosil nishonalari ko‘rina boshladi. Bilasizmi, tokzorimda uzum pishganida ko‘zlarimda yosh yiltiradi. Hamqishloqlar kelib meni tabriklashdi. Meni maqsadimdan qaytarmoqchi bo‘lgan otaxon, kelib, “Zarifaxon, alomat qiz ekansan, uddasidan chiqding, rahmat senga” deb, bag‘riga bosdi. Hozirga qadar vositachilar ko‘magida 120 tonna uzumni xorijga eksport qildik. Maqsadim endilikda vositachilarsiz to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘zim mahsulotni xorijga eksport qilish ustida ish olib boryapman.

Zarifaxon yana bir “og‘ir” ishga qo‘l urdi. 7-8 kilometr uzoqlikdagi buloqdan suv olib kelib, 1 gektar uzumzor yaratmoqchi bo‘ldi. “Bunisi endi juda qiyin, uddalay olmaysan” deyishdi ba’zi kishilar. Zarifaxon yeng shimardi. Polvonkelbat emasmi, o‘sha tog‘dagi buloq tomonga yo‘l oldi. Qancha mablag‘ ketsa ketdi, lekin buloqdan suv keldi. Quvurdan jildirab oqayotgan suvni ko‘rganda qaynarlik keksalar qo‘lini duoga ochib, uni uzoq alqadi.

Hozir uning “Ko‘kchinor” fermer xo‘jaligida 33 nafar mavsumiy, 12 nafar doimiy ishchi mehnat qiladi. U “Fermer ayol” 3-forumida ishtirok etib, Jahon banki ishtirokidagi “O’zbekistonda meva-sabzavotchilik tarmog‘ini rivojlantirish” loyihasining “Eng yaxshi fermer” nominatsiyasi sohibi bo‘ldi. Shuningdek, “Tadbirkor ayol” O’zbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi, O’zbekiston banklar assotsiatsiyasi tomonidan tashkil etilgan “Anor” respublika milliy ko‘rik-tanlovida ham sovrinli o‘rinlardan birini qo‘lga kiritdi. Eng quvonarlisi joriy yilda u O’zLiDeP tomonidan tashkil etilgan “Ishbilarmon ayol” respublika ko‘rik-tanlovining Kitob tumani bosqichida g‘olib chiqib, viloyatdagi ishbilarmon ayollar bilan bellashishga shay bo‘lib turibdi. Niyatimiz – tanlovning viloyat bosqichida ham u yuqori natija ko‘rsatib, respublika miqyosiga chiqsin. Axir tanlovlar ishbilarmon ayollarni kashf etadi, ularga motivatsiya beradi, ishga ilhomlantiradi-da. Tinib-tinchimas fermer ayol  - Zarifaxonga barcha sohada muvaffaqiyatlar yor bo‘lishini tilab qolaman.

Gulbahor To‘rayeva,

O’zLiDeP Qashqadaryo viloyat Kengashi

“Ayollar qanoti” bo‘limi boshlig‘i.

  • Ko'rildi
    457
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+