Konstitutsiya – barcha islohotlarning huquqiy poydevori

25.07.2022, 14:55

Konstitutsiya – barcha islohotlarning huquqiy poydevori

Kogon tumanidagi “Poykent Bukhara” mehmonxonasi majlislar zalida O’zLiDeP Buxoro viloyat Kengashi tomonidan “Konstitutsiya – barcha islohotlarning huquqiy poydevori” mavzusida o‘quv-seminari o‘tkazildi. Unda O'zLiDeP viloyat, tuman, shahar Kengashlar mas’ul xodimlari, mahalliy Kengash deputatlari, partiya faollari, mahalliy tadbirkorlar va OAV vakillari ishtirok etdilar.

Tadbirni O’zLiDeP viloyat Kengashi raisi, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati Farmon Aminov kirish so‘zi bilan ochdi va olib bordi.

Tadbir davomida Konstitutsiyaviy Qonun loyihasining mazmun-mohiyati, inson manfaatlarni himoya qilish yo‘lida ilgari surilgan hamda Konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirishga xizmat qiladigan moddalar haqida batafsil so‘z yuritildi.

Tadbirda so‘zga chiqqan “Yuksalish” umummilliy harakati viloyat bo‘limi rahbari, viloyat Kengashi deputati H.Ro‘ziyev 53-moddasida bayon etilgan “Tadbirkorlar qonunchilikda taqiqlanmagan har qanday faoliyatni amalga oshirishga, o‘z faoliyatining yo‘nalishini mustaqil ravishda tanlashga, tadbirkorlikdan cheklanmagan miqdorda daromad olishga haqli” degan o‘zgartirishlar soha xodimlari tomonidan mamnuniyat bilan kutib olinganligini qayd etdi.

Shuningdek, o‘quv seminarida so‘z olgan partiya Buxoro shahar Kengashining ayollar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Mamlakat Sodiqova mol-mulk dahlsizligi Konstitutsiya darajasida mustahkamlab qo‘yilishini, partiya Kogon tuman Kengashi apparati rahbari, tuman Kengashi deputati Shomurod Bo‘ronov Yangi Konstitutsiya loyihasida bayon etilgan va kiritilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar, jumladan, Prezident sayloviga oid 90-modda xalqimiz tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanayotganligini shu munosabat bilan mamlakatimizda o‘tkaziladigan referendum ham xalqimiz xoxish-irodasi ifodasi ekanligini ma’lum qildi.

Tadbirda o‘z fikr-mulohazalari bilan ishtirok etgan xalq deputatlari Kogon shahar Kengashi deputati Mohigul Jo‘rayeva ta’mirtalab tarixiy va madaniy yodgorliklar muhofazasiga oid loyihaning 49-moddasi bo‘yicha, Buxoro shahridagi G’.G’ulom MFY huzuridagi BPT raisi Dilnavoz Xudoyberdiyeva Yangilangan Konstitutsiya loyihasining bir qator moddalarida barcha darajalardagi ta’lim sohasi hamda maktabgacha ta’limga alohida e’tibor berilganligini, aynan shu moddalardagi ustuvor vazifalar hayotda o‘z ifodasini topsa nur ustiga nur bo‘lishini e’tirof etdi.

O’quv-seminari ishtirokchilarini qiziqtirgan savollarga tadbir tashkilotchilari tomonidan batafsil javoblar berildi.

Shu kuni “Poykent Bukhara” mehmonxonasida faoliyat ko‘rsatayotgan hamda O'zLiDePning dasturiy maqsad va vazifalari bilan tanishgan bir guruh ishchi- xizmatchilar partiya safiga qabul qilinib ularga tegishli guvohnoma va esdalik sovg‘alar topshirildi. Shu tariqa bu yerda Doniyor Ro‘ziyev raisligida yangi BPT o‘z faoliyatini boshladi.  

  • Ko'rildi
    717
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+