“Men ham tadbirkor bo‘laman” ko‘rik-tanlovining Jizzax viloyat bosqichi g‘olibi aniqlandi

26.07.2022, 17:01

“Men ham tadbirkor bo‘laman” ko‘rik-tanlovining Jizzax viloyat bosqichi g‘olibi aniqlandi

Ayni paytda Jizzax viloyatida istiqomat qilayotgan 1 million 443 mingdan oshiq aholining 845 mingdan ortig‘ini yoshlar tashkil qiladi. Aholini, jumladan yoshlarning bandligini ta’minlash, ularning doimiy daromad manbalarini shakllantirish bugungi kunda eng dolzarb masalalardan biri bo‘lib qolmoqda.

Bekorchidan xudo bezor, degan gap bejizga aytilmagan. Aynan  bandlikni ta’minlash, doimiy daromad manbalarini shakllantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish yoshlar orasida qonunbuzarlik va boshqa salbiy holatlarning oldini olishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Shu sabab, joylarda mas’ul tashkilotlar, jumladan, O’zLiDeP Jizzax viloyat Kengashi Yoshlar va biznes tuzilmalari bilan ishlash bo‘limi tomonidan amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlarning ham o‘ziga xos munosib o‘rni bor. Yaqinda, bo‘lim tomonidan O’zLiDePning istiqbolli  loyihalaridan biri - “Men ham tadbirkor bo‘laman”  ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi tashkil etildi.

Ushbu loyihadan maqsad, yigit-qizlarni yanada kengroq tadbirkorlikka jalb qilish, o‘z biznesini boshlamoqchi bo‘lgan yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashdan iboratdir.

Jizzax shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazida bo‘lib o‘tgan ko‘rik-tanlovning viloyat bosqichida 13 nafar yoshlar o‘zlarining turli xil sohalardagi biznes rejalari bilan ishtirok etishdi.  

Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, ko‘rik tanlovga yoshlar tomonidan taqdim qilingan loyihalarning barchasi hay’at a’zolari va ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. Bu loyihalarni amalga oshirish uchun ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga kelishib olindi.

Bevosita tanlovga kelsak, unda Sambhram universitetining talabasi Ravshan Kamolovning, innovatsion usuldagi non tayyorlash sexini ishga tushirish to‘g‘risidagi loyihasi g‘olib deb topildi. Endi Ravshan ushbu loyihasi bilan ko‘rik-tanlovning respublika bosqichida viloyat yosh tadbirkorlari sha’nini himoya qiladigan bo‘ldi.

Xolbek Asatov,

O’zLiDeP Jizzax viloyat Kengashi

Yoshlar va biznes tuzilmalari

bilan ishlash bo‘limi mudiri

  • Ko'rildi
    380
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+