Jarqo‘rg‘onliklarning murojaati hal bo‘ldi

02.08.2022, 10:14

Jarqo‘rg‘onliklarning murojaati hal bo‘ldi

Joylarda saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazganimizda ayrim sohalarda o‘z yechimini kutayotgan muammolarga duch kelamiz. Misol uchun, Jarqo‘rg‘on tumanidagi “Mehnat-Rohat”, “Qoraqursoq”, “Istiqlol”, “Yangi usul” hamda “Neftchilar” mahallalari hududidan o‘tuvchi halqaro ahamiyatdagi M-41 avtomobil yo‘lida (1578 km) maktabgacha ta’lim tashkilotlari, Bolalar va o‘smirlar sport maktabi, savdo va ovqatlanish shaxobchalari, aholi punktlariga kiruvchi bir nechta ko‘chalar mavjud bo‘lib,
M-41 avtomobil yo‘lining aholi gavjum va eng serqatnov qismi hisoblanadi.

Shuningdek, Jarqo‘rg‘on-Kakaydi yo‘nalishidagi (Neftchilar va Yangi usul mahallalari hududi) avtomobil yo‘lida ham qator muassasalar, dehqon bozori va jome’ masjidi joylashgan bo‘lib, fuqarolar, jumladan piyodalar eng ko‘p harakatlanadigan yo‘llardan biridir. O’tgan yillar davomida ushbu avtomobil yo‘llarida ko‘p marotaba yo‘l transport hodisalari sodir bo‘lib, buning natijasida ko‘plab fuqarolar halok bo‘ldi. Bu esa shu yerlik aholini jiddiy tashvishga solardi. Shu bois, mazkur holatlarning oldini olish uchun hudud aholisi tomonidan yuqorida ko‘rsatilgan avtomobil yo‘llarining serqatnov qismida piyodalar yo‘lakchalarini chizish hamda yo‘l harakatini tartibga solish maqsadida svetaforlar o‘rnatish, shuningdek ushbu yo‘llarda harakat xavfsizligini ta’minlashning qat’iy choralarani ko‘rish yuzasidan amaliy yordam so‘ralgandi. Ularning murojaatlari yuzasidan tegishli organ - Ichki ishlar vaziri P.Bobojonovga deputatlik so‘rovi yubordim.  Tez orada deputatlik so‘roviga javoban amaliy ishlar boshlab yuborildi.

Jarqo‘rg‘on tumani hududidan kesib o‘tuvchi M-41 “Bishkek-Dushanbe-Termiz” avtomobil yo‘lining 1578 km.dagi piyodalar o‘tish joyi qatnov qismidagi 5.16.1, 5.16.2 yo‘l belgilari va 1.14.1 – 1.14.3 yo‘l chiziqlari bilan qayta tiklandi.

Bundan tashqari, ushbu avtomobil yo‘lining yonida joylashgan 5-maktabgacha ta’lim tashkiloti hamda Bolalar va o‘smirlar sport maktabi inobatga olinib, yangi namunadagi 5.46 yo‘l belgisi o‘rnatildi. Endi haydovchilar ushbu hududda 30 tezlikda harakatlanishadi. “Yangi usul” mahallasi hududidan kesib o‘tuvchi 4P101 «Jarqo‘rg‘on sh-Kakaydi sh. – Lalmikor q-Qo‘shcheka. Q-Tojikiston Respublikasi chegarasi» avtomobil yo‘lining 9 kilometri 400 pekitidagi oilaviy nodavlat MTT  va 10 kilometri 100 pekitidagi Xo‘ja Samandar Termiziy jome’ masjidi yonidan o‘tuvchi yo‘l qismiga ham piyodalar chizig‘i va yo‘l belgisi o‘rnatildi. 

Albatta, deputatlik so‘roviga o‘z vaqtida mas’uliyat bilan yondashgan holda javob qaytargani, qolaversa, issiqni-issiq demay fuqarolarning xavfsizligini o‘ylab qilingan mazkur sa’y-harakat uchun avvalo, Ichki ishlar vazirligi hamda Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasiga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman.

Faxriddin Samatov,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

  • Ko'rildi
    168
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+